Qozog‘istonning Olmaota shahrida 18-aprel kuni “KITF – 2018” xalqaro turizm va sayyohlik ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
O‘n sakkizinchi bor tashkil etilayotgan forumda O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan qator sayyohlik kompaniya va firmalar vakillari ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro ko‘rgazma Markaziy Osiyo davlatlarining turizm sanoati yutuqlari va imkoniyatlari namoyish etiladigan yirik xalqaro yarmarkalardan biri. “KITF” Butundunyo ko‘rgazma sanoati assotsiatsiyasining sifat ko‘rsatkichiga ega. Yarmarkada doimiy ravishda dunyoning 60 dan ziyod mamlakatidan kelgan sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va mutaxassislari ishtirok etib keladi.
“O‘zbekiston” milliy stendi ostida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, rangba-rang urf-odat va an’nalari, milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etilmoqda. Ijodiy jamoalarning badiiy chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otayotir. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarimizning diqqatga sazovor joylari haqidagi qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Uch kun davom etadigan ko‘rgazmada o‘zbek milliy taomlari tayyorlanib, “kelin salom” marosimi sahnalashtirilgan tarzda namoyish etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi sayyohlik sanoatida yetakchi qator tashkilot va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi ko‘zda tutilgan.