Superliga–2018 tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Har turda bir nechta murosasiz bahslarning guvohi bo‘layotirmiz. Yetakchilarning ochko yo‘qotishi “osonlashib” ketdi. Xullas, yangi format bizga yuqori haroratli o‘yinlarni taqdim etib turibdi. Ayniqsa, navbatdagi 6ta to‘qnashuvni tomosha qilib, zerikishga vaqt topolmay qolsak ajab emas!
19-aprel kuni 7-turga start beriladi. Ahamiyatlisi shundaki, bu gal barcha olti bahsning markaziy maqomdan farq qilmaydigan darajada o‘tishi kutilmoqda. Juftliklarning hammasi ham bir-birlariga nom jihatdan teng bo‘lmasliklari mumkin, ammo turnir jadvalidagi o‘rinlari, hozirgi o‘yin darajalari, “oltin ochko” masalalari borki, turni har galgidan ham chiroyli o‘tishini ta’minlab beradi. Bir e’tibor beraylik-a:
“Buxoro” – “AGMK”. Viktor Kumikov shogirdlari safarda ham uyda ham bir xil natija qayd etishmoqda. 6-turdan so‘ng to‘plangan 8 ochkoning teng yarmi safarda qo‘lga kiritilgan. Shuningdek, “AGMK” superliga karvonboshisi “Bunyodkor” bilan durang qayd eta olgan yagona jamoa bo‘lib turibdi. “Buxoro” esa uyida hech kimni ayayotgani yo‘q. “So‘g‘diyona”, “Qo‘qon-1912”, hatto “Paxtakor” ham Buxorodan quruq qo‘l bilan ortga qaytishga majbur bo‘lganlar ro‘yxatida. Qisqasi, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari o‘z maydonlarida hozircha xato qilishmayapti. Shu nuqtayi nazardan bellashuv juda keskin o‘tishini taxmin qilish mumkin. Bir-biriga har tomonlama munosib bo‘lgan mazkur raqiblarning imkoniyatlarini teng, deb baholasak bo‘ladi.
“Metalllurg” – ”Paxtakor”. Bu uchrashuvning mezbonlar uchun ahamiyati juda yuqori. Agar ular g‘alaba qozona olsalar, Shota Arveladze jamoasi bilan oralaridagi uch ochkoni yo‘qqa chiqarishadi. “Paxtakor” zafar quchgan taqdirda hamshaharlari “Bunyodkor” bilan o‘rtadagi farqni qisqartirishlari ehtimoli bor. Sababi Mirjalol Qosimov shogirdlarini Namanganda juda og‘ir o‘yin kutib turibdi. Hozircha “Metallurg” uy uchrashuvlarini boy berib ulgurmadi. Toshket grandining esa safarda ishlari yurishmayapti. Ikki o‘yin – ikki mag‘lubiyat. Jamoalarning bu yilgi o‘yin saviyalariga e’tibor qaratsak, katta farq yo‘q. Kuchli oltilik ham rejalarida borligi turgan gap. Shu ma’noda “oltin ochko” masalasi ham o‘rtaga tikiladi. Mazkur juftlikda ham g‘olib masalasida biror gap aytish qiyin.
“Navbahor” – “Bunyodkor”. Shubhasiz, Namangandagi qarama-qarshilik turning eng shiddatli to‘qnashuviga aylanadi. “Qaldirg‘ochlar”ning haqiqiy kuchlari 20-aprel kuni sinovdan o‘tadi. Chunki bu stadiondan amaldagi chempion “Lokomotiv” mag‘lub holda chiqib ketdi. “Nasaf” zo‘rg‘a bir ochko olib qaytdi. Ilhom Mo‘minjonov jamoasi o‘z uyida mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirmoqda. Shuningdek, superliga va kubokdagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatni muxlislarining yodidan chiqarish uchun ham maydon egalari borlarini berishlari aniq. Bu o‘yinda ham jamoalarning imkoniyatlarini teng, deb baholash mumkin.
“Qizilqum” – “Neftchi”. 6-tur yakuniga ko‘ra “Qizilqum” uch ochko bilan o‘n birinchi, “Neftchi” 2 ochko jamg‘arib so‘nggi – 12-pog‘onani band qilgan. Shu jihatdan g‘alabaning ahamiyati juda yuqori. Muvaffaqiyat qozona olgan jamoa “xavfli zona”ni tark etishi hech gap emas. Negaki, ulardan oldinda borayotgan “So‘g‘diyona” va “Lokomotiv” mos ravishda 4 va 5 ochko to‘plashgan. Bundan tashqari, har ikkala raqib ham nihoyatda tajovuzkor va ochiq futbol ko‘rsatishmoqda. Bu bahsni tomosha qilib undagi shiddatdan zavqlanishingiz aniq. Xullas, klublarda uchrashuvga jiddiy e’tibor berish uchun sabablar yetarli. O‘yin Zarafshonda tashkil qilinishini hisobga olsak, mezbonlarda biroz imkoniyat yuqoriroq.
“Qo‘qon-1912” – “Nasaf”. Bu o‘yinda olimpiya terma jamoamizning ikki yetakchisi, Odil Hamrobekov va Javohir Siddiqov bir-birlariga qarshi maydonga chiqishadi. Ikki iqtidorli mutaxassis – Ro‘ziqul Berdiyev va No‘mon Hasanovning taktik kurashlari bo‘y ko‘rsatadi. Safarda to‘liq o‘zini namoyon qila olmayotgan “Ajdarlar”ning “olovlar”i Qo‘qonda o‘chib qolishi hech gap emas. Mezbonlar esa o‘z uylarida mavsumdagi ikkinchi mehmonni kutib olishadi. Shu ma’noda futbolni ancha sog‘inib qolayotgan muxlislariga faqat g‘alabani tortiq etishga harakat qilishlari turgan gap. Qisqasi, uchrashuvning Namangandagi bahsdan qolishadigan joyi ko‘rinmayapti. Imkoniyatlar ham, bizningcha, teng.
“Lokomotiv”– “So‘g‘diyona”. Jizzax klubiga Sergey Lushan taklif etilishi bilan ularning ishlari yurishib ketdi. Dastlab uyda kuchli raqib, “Navbahor” mag‘lub etildi. Bir necha kundan so‘ng mutaxassis “Metallurg”ni kubok bahslaridan quruq qoldirib, “pochin”ning tasodifiy emasligiga ishora qilgandek taassurot qoldirdi. “So‘g‘diyona”da kayfiyat juda yuqori. “Loko”da esa buning aksi. Klub o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish eta olmayapti. 17-aprel kuni ular OCHLdan ham umidlarini uzishdi. Qo‘shimchasiga ketma-ket diskvalifikatsiyalar ham ularning ishlarini orqaga tortib turibdi. Mazkur jihatlarni hisobga olsak, mehmonlar nomdor raqibga qarshi faqat 3 ochkoni ko‘zlab harakat qilsalar ne ajab? To‘qqizinchi va o‘ninchi qatorlarni band qilib turgan “qo‘shnilar”ning nomi, tarkibi, saviyasi qanchalik bir-biridan farq qilmasin, Toshkentdagi uchrashuv ancha qizg‘in o‘tishi turgan gap. Favorit haqida so‘z ketganda esa biz, bari bir, mezbonlarning kuchlarini bir oz yuqori baholagan bo‘lardik.
7-turdan so‘ng klublarimizning imkoniyatlari xususida dastlabki xulosalarni chiqarishimiz mumkin bo‘ladi. Chunki oltita juftlikdan beshtasi shunchalik bir-biriga munosibki, yutuqlar, kamchiliklar, darajalar yaqqol ko‘rinib qoladi. Alqissa, superligamizda o‘zgarishlar shabadasi anchayin kuchaymoqda. Bu shabada terma jamoalarimizga yetib borib, keyinchalik butun jahon futbol bayroqlarini hilpiratishidan umidvormiz.
O.Haydarov O‘zMU talabasi