Kan Gyon Xva: Koreyaliklar o‘zbek xalqining boy madaniyati va urf-odatlarini yuksak qadrlaydi

O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Xalqlarimizning mentaliteti, madaniyati bir-biriga o‘xshash. Yurtimizda yashayotgan koreys diasporasi mamlakatimizdagi ko‘plab boshqa millat vakillari qatori tinch-totuv va farovon hayot kechirib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotir.

Mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva xonim O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:

– Avvalo, samimiy qabul uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman. O‘zbekiston rahbari bilan suhbatimiz g‘oyat mazmunli bo‘ldi, konstruktiv ruhda o‘tdi.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. 2017-yil 22-25 noyabr kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tardi. Ikki davlat rahbarlarining ichki va tashqi siyosat masalalariga yondashuv va qarashlari o‘xshash, ular mintaqaviy tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasida hamfikrdir.

Mazkur tashrif davomida davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning uch muhim yo‘nalishi – oliy darajadagi muloqotlarni yanada faollashtirish, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, amaliy sheriklikning soha va yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish yuzasidan kelishib oldi. Shunga asosan, joriy yil fevral oyida Koreya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, strategiya va moliya vaziri rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi va Toshkentda yangi formatda ilk bor tashkil qilingan savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo uchrashuvda qatnashdi. Bu kabi anjumanlar ikki tomonlama aloqalarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim qadam bo‘lmoqda.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga keyingi o‘n bir yilda ilk bor tashrif buyurmoqda.

O‘zbekistonga safar asnosida koreys millati vakillari bilan ham uchrashdik. Ular o‘zbek xalqi Koreyani, koreys madaniyatini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Biz esa Janubiy Koreyada o‘zbek xalqining boy madaniyati va urf-odatlari yuksak qadrlanishini qayd etdik. Bunday omillar ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati a’lo darajada ekanidan dalolat beradi.

Muzokaralar davomida mamlakatlarimiz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini isloh qilish, aholi farovonligi va turmush darajasini oshirish, mintaqalarimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalarida ishonchli hamkor ekaniga yana bir bor amin bo‘ldim.

 

Umar Asrorov, O‘zA