Bugun nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga javob topishga intilmoqda. Bu muammolar qatoriga atmosferada issiqxona gazlarining ko‘payishi, yerning ustki qobig‘i haroratining ortishi, suv resurslari taqchilligi, tabiiy ofatlarning tez-tez takrorlanishi, sahrolashish jarayonining o‘sishi va boshqalarni kiritish mumkin.

Mutaxassislar iqlim o‘zgarishi tabiiy ofatlarning yangi turlari paydo bo‘lishiga sharoit yaratishi bilan birga, mavjud tabiiy ofatlarning zarar yetkazish kuchini bir necha barobar oshirishi, hattoki, boshqarib bo‘lmaydigan darajaga yetkazishi mumkinligini aytmoqda.

Xalqaro tashkilotlar va ilmiy doiralar iqlim o‘zgarishi dunyoning qator hududlarida turli darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirishini taxmin qilyapti. Xususan, Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi kuchli ichki migratsiyaga sabab bo‘lib, 2050 yilgacha dunyoning oltita mintaqasida yashayotgan 216 million nafar inson o‘zlari yashayotgan makonni tark etib, boshqa hududlarga ko‘chishga majbur bo‘ladi. Bu mintaqalar orasida Markaziy Osiyo hamda unda yashayotgan 5 milliondan ortiq aholining borligi ushbu muammoning mintaqa davlatlari uchun juda dolzarb ekanligini isbotlaydi.

Tojikiston Respublikasi Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi masalalariga bag‘ishlangan 5-xalqaro konferensiya atrof-muhit, suv, yer resurslari va boshqa ekologiya bilan bog‘liq masalalar allaqachon boshqarish qiyin bo‘lgan dolzarb muammolarga aylanib ulgurganini ko‘rsatdi.

Hozirda Markaziy Osiyo iqtisodiy jihatdan tez suratlarda rivojlanib borayotgan mintaqalardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, mintaqa geografik jihatdan shundayki, bu yerdagi suv va yer resurslaridan unumli foydalanish, ularni boshqarishda oqilona yo‘l tutish kelgusida davomli rivojlanish, barqarorlik va fuqarolarning farovonligiga xizmat qiladi.

Mintaqadagi barcha davlatlar, xususan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tahdidlarga qarshi kurashish va tegishli chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Parij Bitimini ratifikatsiya qilgan. Mazkur bitim 2015 yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, shu yilning o‘zida 196 ta davlat tomonidan imzolangan. Parij Bitimining asosiy jihatlaridan biri — rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda rivojlanayotgan davlatlar ham atmosferaga tashlanmalar miqdorini kamaytirish majburiyatini olishi belgilangan.

Shu bilan birga, ushbu xalqaro hujjatda davlatlar oldiga quyidagi uchta muhim maqsadlar qo‘yilgan:

Birinchisi, davlatlar oldiga qo‘yilgan maqsad — iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishdan iborat. Bunda yer yuzidagi global o‘rtacha haroratning sanoatlashuv davrigacha (XVIII asrning o‘rtalari) bo‘lgan darajaga nisbatan 2°Sdan pastda, imkon qadar 1,5°Sda ushlab turish nazarda tutiladi. Shu kunga qadar dunyo davlatlari tomonidan olib borilgan siyosat hamda sayyoramizning global isishini 1,5°S da ushlab turish uchun talab qilinadigan siyosat o‘rtasida juda katta bo‘shliq mavjud bo‘lgan. Ekspertlar prognoziga ko‘ra, mavjud voqelik o‘zgarmasa hamda Parij Bitimiga a’zolar tomonidan o‘z vaqtida tegishli choralar qabul qilinmasa, 2100 yilga kelib yer yuzidagi global isish o‘rtacha 3,2 °Sni tashkil qiladi. Bu yer sharining katta qismida ekotizim izdan chiqadi. Yer yuzidagi global isishni 1,5°Sda ushlab turish atmosferaga chiqariladigan tashlanmalarni 2030 yilgacha 43 foiz va 2050 yilgacha 84 foizga kamaytirishni ko‘zda tutadi. Faqat ushbu maqsadga erishishgina sayyoramizni “sog‘lom” holda saqlab qolishga imkon yaratadi.

Ikkinchi maqsad — iqlim o‘zgarishining noqulay ta’sirlariga moslashish salohiyatini oshirishga va past uglerodli rivojlanishga ko‘maklashishni nazarda tutadi. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida mintaqadagi barcha davlatlar tomonidan milliy qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, davlat dasturlari qabul qilingan. Xususan, Qozog‘istonda 2060 yilgacha uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha Strategiya tasdiqlangan. Unga muvofiq, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini qayta tiklanuvchi energiya manbalariga o‘tkazish, bioenergetikani rivojlantirish orqali atmosferaga tashlanmalar miqdorini 0 foizga tushirish belgilangan.

Tojikistonda esa 2030 yilgacha iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha Milliy Strategiya qabul qilingan.

Shuningdek, 2019-2030 yillarda O‘zbekistonning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishi bo‘yicha Strategiya qabul qilindi. Ushbu hujjatda suv va qishloq xo‘jaligi sektorlarida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amalga oshiriladigan tadbirlar belgilangan.

Iqlim o‘zgarishlariga moslashish bo‘yicha mintaqadagi alohida davlatlar tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakatlar mintaqa miqyosida olib qaraganda juda kam foizni tashkil etishiga guvoh bo‘lamiz.

Uchinchi maqsad esa, davlatlarni iqlim barqarorligini saqlab qolgan holda rivojlanishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirishga chaqirishdan iborat. Xususan, Jahon banki guruhi 2021 yilda keyingi besh yillikda ajratiladigan mablag‘larning 35 foizi aynan iqlim o‘zgarishiga moslashgan loyihalarga qaratilishini ma’lum qildi. 2016-2020 yillar oralig‘ida bu raqam 26 foizni tashkil qilgan.

Ushbu mezon rivojlanayotgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim ahamiyatga ega. Mintaqa davlatlarida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar iqlim o‘zgarishlariga moslashuv bo‘yicha talablarni o‘zida aks ettirmasa, ularning xorijiy investorlar tomonidan moliyalashtirilishi qiyinlashib boradi. Bu o‘z navbatida iqtisodiyot o‘sishining sekinlashuviga sabab bo‘ladi. Kelgusida investitsiya bo‘yicha jozibadorligini oshirishga intilayotgan barcha davlatlar iqlim o‘zgarishi bilan yuzaga kelayotgan talablarni inobatga olishi zarur.

Ta’kidlash joizki, bugun iqlim o‘zgarishi natijasida vujudga kelayotgan ekologik muammolar allaqachon milliy darajadan transmilliy tahdidga aylanib ulgurdi. Shu bois ushbu muammolarni hal qilish bo‘yicha alohida bitta davlat tomonidan qilinayotgan harakatlar o‘z samarasini bermasligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bu muammoning yagona yechimi qo‘shni davlatlar o‘rtasida hamkorlikni barcha darajalarda kengaytirish, jamoatchilikni keng jalb qilish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarda birgalikda qaror qabul qilish lozim.

Shu bilan birga, mintaqadagi ekologik vaziyatni keng ommaga yetkazish va fuqarolarda ekologik madaniyatni shakllantirish maqsadida ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanishga zarurat tug‘ilmoqda. Ayniqsa, Orol muammosi va suv resurslarining tanqisligi bilan “yashayotgan” Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishining oqibatlariga bardosh berishi bo‘yicha dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda ancha zaif hisoblanadi.

Mutaxassislar fikricha, Markaziy Osiyo davlatlaridagi sug‘orish texnologiyalarining samarasizligi tufayli sug‘orish uchun ishlatiladigan suvning 50 foizi yo‘qotilmoqda. Iqlim sharoitlarining o‘zgarishi natijasida mintaqaning muzliklar maydoni oxirgi 50-60 yil ichida 30 foizga qisqarib, yerlar degradatsiya bilan bog‘liq yillik xarajatlar YAIMning 4 foizini tashkil etmoqda. Ushbu raqamlar Markaziy Osiyo mintaqasiga iqlim o‘zgarishi intensiv kirib kelayotganini ko‘rsatadi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha qator xalqaro tuzilmalar, xususan, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va donor davlatlar tomonidan moliyalashtiriladigan dasturlar asosida faoliyat yurituvchi nodavlat tashkilotlar, ekologiya faollari, jurnalistlar va ilmiy-tadqiqot institutlari mavjud.

Bundan tashqari, so‘ngi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari tomonidan iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda ilgari surilayotgan tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 16 sentyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitida tashkilot doirasida Iqlim masalalari bo‘yicha Kengash tuzishni taklif qildi.

Shuningdek, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 2022 yil 11 noyabrdagi Turkiy davlatlar tashkilotining (TDT) Samarqand sammitida “Turkiy davlatlar yashil moliya kengashi”ni ta’sis etish tashabbusini ilgari surdi. Bunday tashabbuslarning davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilishi mintaqadagi iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlari bilan kurashishda hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, mavjud kuch va vositalarni birlashtirish imkonini beradi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqlim o‘zgarishi bo‘yicha oliy va yuqori darajali xalqaro tadbirlar, uchrashuvlar kun tartibiga iqlim o‘zgarishi masalalarini muntazam kiritib borish zarur. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan “yashil texnologiyalar” asosida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari va tadbirkorlar reyestrini shakllantirish hamda ular sonining ortib borishini rag‘batlantirish kerak.

Bu jarayonda eko-jurnalistikani rivojlantirish, xususan, milliy va xalqaro nashrlar, televideniye faoliyatini kengaytirish, nufuzli tanlovlarda eko-jurnalistikani alohida yo‘nalish sifatida kiritish foydali bo‘ladi. Barcha maktablar va oliy o‘quv yurtlarida “Yosh tabiatshunoslar”, “Yosh ekologlar” nomlari ostida ko‘ngillilar guruhini shakllantirish va eko-faollar bilan hamkorlikda trening mashg‘ulotlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Murodjon Mustafoyev,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mustaqil tadqiqotchisi.

O‘zA