Abdulaziz Komilov Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 18 aprel kuni Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Xva bilan uchrashdi. 

Tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari 2017 yil 22-25 noyabr kunlari Seul shahrida O‘zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlarining sammiti samarali bo‘lganini ta’kidladi. Muzokaralar doirasida davlat rahbarlari qabul qilgan Qo‘shma bayonot ijrosini o‘z vaqtida amalga oshirish hamda imzolangan 10 milliard AQSh dollaridan ortiq kelishuvlarni to‘liq ro‘yobga chiqarish ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohadagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi qayd etildi.

Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.

Kan Gyon Xva Koreya yarim orolidagi vaziyatni yumshatish, ushbu maqsadda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston tomoni Koreya Respublikasining yarim orolda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Joriy yilning aprel oyida o‘tadigan koreyalararo sammit yakuni bo‘yicha erishiladigan natijalar mintaqa mamlakatlarining yanada rivojlanishi, farovonligi uchun qulay sharoit yaratishiga ishonch bildirdi.

 

O‘zA.