Ko‘z bo‘yamachilikka uringan rahbarlar jazolanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-aprel kuni Sirdaryo viloyati faollari bilan yig‘ilishda viloyatlarga safarlar oldidan ijtimoiy soha xodimlarining obodonlashtirish ishlariga jalb etilayotgani, ayrim joylarda ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotganini jiddiy tanqid qilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati huzuridagi Press-xollda shu masalaga oid brifing o‘tkazildi. Unda Prezident Matbuot kotibi Komil Allamjonov davlatimiz rahbarining tanqididan keyin ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.

– Prezident bunday holatlar yana qaytarilmasligi uchun huquqiy mexanizm yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Topshiriqqa ko‘ra, aholini, ayniqsa, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasi xodimlari, talabalarni obodonlashtirish ishlariga jalb etishni qat’iy taqiqlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori ishlab chiqiladi, – dedi K.Allamjonov. – Ushbu qarorda joylardagi obodonlashtirish xizmatlari faoliyatini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ham aks etadi. Bunda xorijiy davlatlarning tajribasi ham inobatga olinadi.

Brifingda fuqarolarni jamoat ishlariga majburlash holatlari yana kuzatilsa, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jazo qattiq bo‘lishi, jumladan, jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

Alohida qayd etilganidek, Prezident bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida Bosh prokuratura oldiga ham bir qator vazifalar qo‘ygan. Samarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeyevaning bevaqt o‘limiga sababchi bo‘lgan mansabdor shaxslarni yuridik javobgarlikka tortish bo‘yicha topshiriqlar bergan. Hozirda bu hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

Sirdaryo viloyati faollari bilan o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev joylardagi ko‘zbo‘yamachilik holatlaridan ham noroziligini bildirgan edi. Shundan kelib chiqib, xo‘jako‘rsin ishlar yuzasidan prokurorlik tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Davlatimiz rahbari yana shunday ko‘zbo‘yamachilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy va qat’iy nazorat o‘rnatish zarurligini ta’kidlagan. Endilikda ko‘zbo‘yamachilikka uringan yoki buning oldini olmagan rahbarlar qattiq jazolanadi.

Brifingda Prezidentimiz bergan topshiriqlar ijrosi, aybdorlarning jazolangani haqida ommaviy axborot vositalari, jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi media-markaz orqali xabarlar berib borilishi ta’kidlandi.

 

Ulug‘bek Asrorov, Oqil G‘ulomov (surat) O‘zA