Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida MSK Raisi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev referendum boshlangani xususida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, yurtimizdagi barcha referendum o‘tkazuvchi uchastkalarda ovoz berish jarayonlari fuqarolar faolligida boshlab yuborildi. Mazkur referendumda saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga 19 million 722 ming 809 nafar ovoz beruvchi fuqarolar kiritilgan. Shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi 55 ta referendum uchastkalarida 307 ming 895 ming fuqaro ro‘yxatga kiritilgan.

Ta’kidlanganidek, referendum kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolar uchun 2023 yil 19-26 aprel kunlari muddatidan oldin ovoz berish tashkil etildi. Unda 611 ming 320 nafar fuqarolar muddatidan oldin ovoz berdi.

Shuningdek, brifingda xalqaro kuzatuvchilar hamda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari borasida ham ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 964 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Ular ayni paytda hududlarda ovoz berish jarayonlarini kuzatib, yoritib borishmoqda.

Brifingda qayd etilganidek, shu paytga qadar ovoz berish jarayonlarida qonunchilik buzilgani haqida ma’lumot kelib tushgani yo‘q. Agar qonunchilik buzilish holati kuzatilsa, sud va prokuratura organlariga murojaat qilish mumkinligi qayd etildi.

Muhtarama Komilova, 
O‘zA