Bugun, 28 aprel kuni yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladigan Xanchjou shahrining Xioshan Linpu Gymnasium majmuasida milliy sportimiz kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida Osiyo chempionati bahslari boshlandi.

Chempionatning dastlabki kunida 8 ta vaznda bahslar bo‘lib o‘tmoqda. Erkaklar, 66, -81, -90, +100 kilogramm vaznlarda, ayollar 57, 63, 70 va +87 kilo og‘irlikda g‘oliblik uchun bellashmoqda. Musobaqalarda 19 ta mamlakatdan 80 dan ortiq kurashchi ishtirok etmoqda.

Qit’a chempionati bellashuvlari boshlanishi oldidan XII Osiyo chempionatining rasmiy ochilish marosimi tashkil etildi.

Marosimda ishtirok etgan Xitoy milliy sport boshqaruvi rahbari o‘rinbosari, XIX Osiyo o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi a’zosi Liu Chengliang, Osiyo kurash konfederatsiyasi prezidenti Komil Ro‘ziyev ishtirokchilarni qutlab, kurash sportining xalqaro maydonda ommalashishida Xitoyda tashkil etilayotgan qit’a chempionatining o‘ziga xos ahamiyati borligini e’tirof etdi.

Bevosita musobaqalar xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, chempionatda qator yakka kurash sport turlari bo‘yicha jahon va qit’a birinchiliklarining g‘olib va sovrindorlari, Olimpiya o‘yinlarining ishtirokchilari qatnashayotgani har bir vazndagi bahslar yanada murosasiz o‘tishini ta’minlashi shubhasiz.

Jumladan, kurash vatani – O‘zbekistonning taniqli polvonlari Muhsin Hisomiddinov, Shermuhammad Jandriyev, Umid Esonov, Artyom Shturbabinlar safida eronlik Muhammad Muhammad, qirg‘izistonlik Bekbolot Tugtogonov, turkmanistonlik Tejen Tejenov kabi nomdorlarning qatnashayotgani qayd etilgan.

Bellashuvlarni boshqarib borishda 30 dan ziyod xalqaro toifadagi hakamlar guruhi faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, 40 nafarga yaqin hakamlik toifasiga imtihon topshirayotgan ishtirokchilar ularga yordam ko‘rsatishadi. Ular orasida Xitoy kurash assotsiatsiyasi vakillari ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Xanchjou kurash gilamlaridagi musobaqalar Xitoy Xalq Respublikasining 50 ga yaqin teleradiokanallari, axborot agentliklari va internet nashrlari orqali keng yoritilmoqda. Bu esa milliy sport turimiz kurash orqali qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz ommalashayotganidan dalolat.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda davom etayotgan qit’a chempionati bahslaridan keyin Xanchjouda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Kurash: World Series Pro” turnirining Osiyo qit’asi saralash bosqichi bo‘lib o‘tadi.  Musobaqalar 30 aprelga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA