AOKAda o‘tkazilgan brifingda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov 2023/2024 o‘quv yili uchun o‘quvchilarni qabul qilish yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlariga aniq fanlar yo‘nalishiga qabul 5-11 sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7-11 sinflarga, keyingi o‘quv yillarida 5 va 7-sinflarga amalga oshiriladi.

Har bir sinfga 24 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Kirish imtihonlari natijalari Agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalarida imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun mobaynida e’lon qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarining kirish imtihonlaridan o‘tgan o‘quvchilar to‘liq bepul ta’lim oladi.

Kirish imtihonlari natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi. Kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha imtihon materiallari talabgorlarga taqdim etilmaydi.

Prezident maktablari imtihonlarining 2-bosqichidan o‘tolmagan o‘quvchilar ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihonsiz qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarining tanlovida ishtirok etish uchun xohish bildirgan o‘quvchining ota-onasi joriy yilning iyun oyida Agentlikning rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda kerakli hujjatlarni topshirishi lozim.

(Talabgorning oxirgi 2 oy davomida tushgan fotosurati, talabgor va uning ota-onasi (qonuniy vakillari)ning shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari aloqa uchun telefon raqami platformaga kiritiladi)

Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan (1, 2, 3-o‘rinlar) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘z hududida joylashgan ixtisoslashtirilgan maktablarga umumiy qabul parametrlari doirasida imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi.

Shuningdek, Prezident maktablarining 5-sinf kirish imtihonlari 2-bosqichida ishtirok etib, o‘qishga kira olmagan talabgorlar hujjat topshirish jarayonida o‘z hududidagi o‘zlari tanlagan ixtisoslashtirilgan maktablardan birida o‘qish istagini bildirgan taqdirda kvotaning 50 foizi doirasida ballar ketma-ketligi asosida imtihonsiz mazkur ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilinadi.

Bunda, talabgorlar Prezident maktabiga saralash imtihonlarining ikkinchi bosqich javoblari e’lon qilingan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni davomida ixtisoslashtirilgan maktab direktori nomiga o‘qishga qabul qilishni so‘rab ariza bilan murojaat etishlari lozim.

O‘quvchilar faqat o‘zlari o‘qiyotgan umumta’lim muassasasi joylashgan hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat va Toshkent shahri)dagi ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga o‘qishga qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilari davlat tashkilotlarida ishlaydigan ota-onasining ish joyi bitta hududdan boshqa hududga o‘zgargan taqdirda, o‘sha hududdagi ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘sh o‘rin mavjud bo‘lganda o‘quvchining o‘qishini ko‘chirishga ruxsat etiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA