Xabar berganimizdek, ayni kunlarda poytaxtimizda boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkaziladigan “Humo arena” muz saroyida qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Kuni kecha Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda O‘zbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov yetakchiligidagi mutaxassislar arenada olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi.
Tanishuv asnosida mutaxassislar belgilangan ishlar o‘z muddatida yakunlanishi lozimligini, mehmonlar va tomoshabinlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidlashdi.
Aytish lozim, hozirda arenada montaj ishlari olib borilmoqda. Shundan so‘ng dunyoning eng kuchli bokschilarini aniqlab beradigan ringlar joylashtiriladi. Jahon chempionligi uchun janglar 2 ta ringda bo‘ladi.
Chempionatning tantanali ochilish marosimi 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Tayyorgarlik jarayonida ishtirok etayotgan ishchi-xizmatchilar bilan suhbat davomida chempionat marosimlari dasturi va boshqa yo‘nalishlar muhokama qilinib, ish samaradorligini oshirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA