Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlarida o‘z yigitlik burchini o‘tash uchun kelgan yoshlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Harbiy okrug matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida o‘tgan tantanali tadbirda orkestr sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining davlat madhiyalari kuylandi.

Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor Farhodjon Shermatov va boshqalar nutq so‘zlab, ona yurtni himoya qilishdek muqaddas burchni bajarishga kirishgan muddatli harbiy xizmatchilarni qutlashdi. Vatanga qasamyod – har bir vatanparvar, yurtsevar yigitning o‘z Vatani va xalqiga bo‘lgan mehru muhabbati, sadoqatining yorqin ifodasi ekani e’tirof etildi. Shuningdek so‘zga chiqqanlar yigitlarni hayotida bir marta bo‘ladigan unutilmas kun munosabati bilan tabriklab ularga yuksak ishonch bildirishdi.

Yangi chaqirilgan muddatli harbiy xizmatchilar ona yurtimizning sarhadlarini, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini so‘nggi nafasi qolguncha himoya qilishga ont ichib, Vatanga qasamyod qabul qildi.

Xizmati davomida Qoraqalpog‘iston va Xorazm vohasining boy milliy tarixiy merosini chuqur o‘rganib, harbiy kasbni mustahkam egallab, professional ko‘nikmani va bilim saviyani doimo oshirib borishlariga tilak bildirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining askarlarga sovg‘asi sifatida taqdim etilgan “O‘zbekiston tarixi” va “Temur tuzuklari” kitoblari yigitlarning ma’naviy-ma’rifiy saviyasini yuksaltirishga zamin yaratadi. Har bir askarga Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining yo‘llagan tabriknomasi, yigitlarda va ularning yaqinlarida Vatanga qasamyod marosimi haqida iliq taassurotning bir umrga muhrlanishini ta’minladi.

Nukus garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazining harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan milliy kuy va qo‘shiqlar tantanaga bayramona ruh bag‘ishladi.

Tantanali tadbirdan so‘ng qasamyod qabul qilgan askarlar sharafiga bayramona dasturxon yozildi, yaqinlari bilan diydor ko‘rishishi uchun sharoit yaratildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA