Davlatimiz rahbarining “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlarida xayriya tadbirlari davom etmoqda.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining kam ta’minlangan oilalar vakillarini Umra ziyoratiga yuborishda davlat tomonidan yordam berish borasidagi iltimosi Prezidentimiz tomonidan qanoatlantirilib, 100 nafar qoraqalpog‘istonlik Umra ziyoratiga borib qaytdi. Kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar, ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda turgan xonadonlar vakillarining davlat tomonidan berilgan yo‘llanma asosida Umra ziyoratiga yuborilishi ular uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi. Muborak Ramazon oyida  mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan joylarda iftorlik dasturxoni yozilib, ularga mahallalardagi ro‘zadorlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj “Temir daftar”, “Ayollar daftari” da ro‘yxatda turuvchi oilalar taklif etildi.

Barcha yurtdoshlarimiz singari, Orolbo‘yi aholisi ham Ramazon hayitini katta xursandchilik bilan, o‘zgacha kayfiyatda qarshi oldi. Ayniqsa, bayram munosabati bilan Prezidentimizning xalqimizga yo‘llagan tabrigi ularga yanada katta quvonch bag‘ishladi. Bayram kuni 63 ta masjidda hayit namozi ado etilib, ularga 43 ming nafardan ziyod kishi tashrif buyurdi.  Bayram munosabati bilan joylarda xayriya tadbirlari o‘tkazilib, ehtiyojmand kishilar, kam ta’minlangan oilalarga 129 million 950 ming so‘m, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylariga,  Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat nuroniylariga  14 million 600 ming so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘lib hisoblanadi.

Bayram kunlari xayriya tadbirlari davom etmoqda.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA