Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining 2021 va 2022 yillar davomidagi 4 dona ijro varaqasiga asosan, qarzdor “Nukus poligraf kombinati” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi mazkur jamiyatning 3 nafar xodimi foydasiga 50 million so‘mdan ziyod ish haqlarini undirish belgilangan bo‘lib, mazkur ijro varaqalari Majburiy ijro byurosining Nukus shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.

Ijro harakatlari davomida, qarzdor jamiyatning hisob raqamiga band solingan va tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilib, javoblari olingan. Qarzdorning nomida Nukus shahri  Qoraqalpog‘iston ko‘chasida joylashgan ko‘chmas mulki aniqlanib, davlat ijrochisi tomonidan xatlovga olindi. Shuningdek, qarzdor jamiyat rahbari qarzdorlikni berilgan ixtiyoriy muddatda to‘lamaganligi sababli, tegishli tartibda ma’muriy javobgarlikga tortilgan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari natijasida qarzdorlik to‘liq undirilib, haqdorlarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri