FOTOREPORTAJ

Yevroosiyo ligasining Gran-pri dasturi chavandozlarimizning g‘alabasi bilan yakunlandi. Shu bilan poytaxtimizda davom etayotgan konkur bo‘yicha “Eurasia league Tashkent 2023” turnirining birinchi bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi.

Musobaqaning so‘nggi kunida sportchilar asosiy yo‘nalish bo‘lmish Gran-pri dasturida bahs olib bordi. Quvonarlisi, balandligi 150 santimetrni tashkil etgan to‘siqlardan sakrash yo‘nalishida barcha sovrinli o‘rinlar hamyurtlarimizga nasib etdi. Bellashuvlar yakunida oltin medalni tajribali chavandozimiz Bekzod Qurbonov qo‘lga kiritdi. “Matts V.G.” laqabli tulporida ishtirok etgan Qurbonov masofani 90.93 soniya ichida jarima ochkolarisiz bosib o‘tishga muvaffaq bo‘ldi.

1. Bekzod Qurbonov (O‘zbekiston) – “Matts V.G.” (laqabli ot)

2. Saidamirxon Turg‘unboyev (O‘zbekiston) – “Calleko”

3. Nurjan Tuyakbayev (O‘zbekiston) – “Quintus HB”

Qayd etish joiz, musobaqaning yana ikki bosqichi bor. Agar 3 bosqichda ham yurtdoshlarimiz g‘alaba qozona olishsa, yana bir bor kelasi yili o‘tadigan Jahon kubogining final bosqichiga yo‘llanma olishadi.

Musobaqaning navbatdagi 2-bosqichi ham poytaxtimizda bo‘lib o‘tadi.  Bellashuvlar joriy yilning 27-30 aprel kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Muhammad AMIN (surat), O‘zA