Madridning «Real» va Londonning «Arsenal» jamoasi sobiq o‘yinchisi Mesut Ozil Turkiyada siyosiy karerasini boshlamoqchi, deb yozmoqda AZERTAJ agentligi Turkiyenewspaper nashriga tayanib.
Xabarda ta’kidlanishicha, Ozil Turkiya parlamenti deputati bo‘lmoqchi. U Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarlik qilayotgan hukmron partiya nomidan nomzodini qo‘ymoqchi.
O‘tgan oyda Mesut Ozil futbolchilik faoliyatini yakunlashini e’lon qilgan edi.
34 yoshli mashhur yarim himoyachining so‘nggi jamoasi «Istanbul Bashakshexir» bo‘ldi. Bungacha u «Fenerbaxche», «Arsenal», «Real», «Verder» va «Shalke» jamoalarida to‘p surgan.
Ozil «Real» tarkibida bir marotabadan Ispaniya chempioni, Kubok va Superkubok egasi bo‘lgan. «Arsenal» jamoasida u 4 marotaba Angliya Kubogini qo‘lga kiritgan va bir marta Superkubok sohibiga aylangan. U shuningdek, Germaniya terma jamoasi tarkibida jahon chempionligini ham qo‘lga kiritgan.