Xalqaro boks assotsiatsiyasi Toshkentda erkaklar o‘rtasida o‘tkaziladigan Jahon chempionatida ishtirok etishi kutilayotgan nomdor bokschilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Ro‘yxatdan qozog‘istonlik Saken Bibosinov(51), yaponiyalik Tomoya Suboi(54), fransiyalik Sofyan Omixa(60), kubalik Yeonlis Ernandes(75) hamda Xulio La Kruz (92), ozarbayjonlik Loren Alfonso(86) kabi bokschilar o‘rin olgan.
O‘zbekiston boks federatsiyasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur Jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladigan bokschilar ro‘yxati yaqin kunlarda e’lon qilinadi. Terma jamoamiz tarkibidan Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov singari charm qo‘lqop ustalari joy olishi ehtimoldan yiroq emas.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentdagi «Humo» arena sport saroyida bo‘ladigan Jahon chempionati musobaqalari joriy yilning 30 aprel-14 may kunlari tashkil etiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA