Tramp Grenlandiyani AQSHga qo‘shib olish uchun kuch ishlatmaydi

Saylangan Prezident Donald Tramp Grenlandiyani AQSHga qo‘shib olish uchun diplomatik yoki iqtisodiy choralardan foydalanishga jiddiy umid qilmoqda, deb xabar tarqatdi “Reyter”agentligi.

– Tramp  dunyodagi eng katta orol  ustidan nazorat o‘rnatish uchun harbiy kuchga tayanmasa kerak. – degan ishonchli manba nashrga. – Shunga qaramay, u boshqa choralardan foydalanishni rejalashtirmoqda, ya’ni Daniyaga diplomatik yoki iqtisodiy bosim o‘tkazishi mumkin.

Los-Anjelesda Hollivud mashhurlarining uylari kultepaga aylandi

Los-Anjelesda yuz bergan o‘rmon yong‘ini tafti Hollivud tepaliklarigacha yetib keldi. “Page Six” yozishicha, bir necha taniqli aktyorlarning xonadoni yonib bitgan. Nashr kuygan imoratlar suratini ham chop etgan.

– Adam Brodi va Leyton Misterning 6,5 million dollarlik hashamatli mulki olov oldi, – deyilgan xabarda. – Yong‘in tufayli yana bir yulduz Anna Feris ham qimmatbaho hovlisidan ajraldi. Pasifik-Paliseyds tumanida viqor bilan qad rostlab turgan Entoni Xopkinsning uyi ham kultepaga aylandi.

Maylz Teller, Yujin Levi, Billi Kristal, Jon Gudmen ham boshpanasini yo‘qotgan. Juda ko‘p mashhurlar xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

Turkiya Suriyada transchegaraviy harbiy amaliyot boshlashga shay

Turkiya harbiy kuchlari Suriyada “Kurdiston ishchi partiyasi” va shu guruhga aloqador  jangarilar qurolini tashlamasa, ularga qarshi transchegaraviy amaliyot o‘tkazishga tayyor, deya bayonot tarqatdi mamlakat Mudofaa vazirligi “TRT Haber” davlat telekanali orqali.

– Turkiya Suriyaning hududiy yaxlitligini hurmat qiladi, ammo terrorchi guruhlar qurolini tashlamasa, transchegaraviy amaliyot o‘tkazadi, – degan tegishli manba.

Armaniston hukumati YeIga qo‘shilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi

Armaniston hukumati parlament ko‘rib chiqayotgan, g‘arbga qayishgan kuchlar tomonidan respublikaning Yevropa Ittifoqiga  qo‘shilishi jarayonini boshlash bo‘yicha ilgari surilgan qonunchilik tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

– Hukumat taklifi belgilangan tartibda Milliy majlisga taqdim etilsin, – deyilgan qarorda.

TIV rahbari Ararat Mirzoyan ta’kidlashicha, keyingi yillarda YeI bilan munosabat muntazam va jadal rivojlandi. O‘z navbatida tuzilma kuzatuvchilarini jo‘natib, xavfsizlik sohasida Yerevanni qo‘llab-quvvatladi. YeI Armanistonning iqtisodiy rivojlanishida yordam berishga tayyorligini ham bildirmoqda.

Nelson Mandelaning nabirasi mashina o‘g‘irlaganmi?

Janubiy Afrika Respublikasi sobiq Prezidenti Nelson Mandelaning nabirasi avtomobilni olib qochganlikda gumonlanib, hibsga olindi. Bu xabarni mahalliy “SABC News” telekanali politsiya ma’lumotiga tayanib tarqatgan.

O‘g‘irlangan mashina Mandelaning Yoxannesburg shahridagi uyi yonidan topilgan. Hodisa bo‘yicha to‘rt erkak va bir ayol ushlangan. Ular ro‘yxatga olinmagan o‘q otar qurol saqlashda ham ayblanmoqda.

Nelson Mandela (1918-2013) Afrika milliy kongressi yetakchilaridan biri sifatida irqchilikka qarshi faol kurashgan taniqli shaxs hisoblanadi.

Kellog: Tramp Ukraina masalasida Putinga yon bosmaydi

AQSHning saylangan Prezidenti Donald Tramp Kiyev bilan mojaroni hal qilishda Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga yon berishni rejalashtirmayapti, dedi Respublikachilar ma’muriyatining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellog “Fox News” telekanali orqali.

Uning ta’kidlashicha, Tramp Putinga ham, ruslarga ham hech narsa bermoqchi emas. U haqiqatan Ukrainaning suvereniteti saqlab qolinishini xohlaydi.

Bo‘lajak mulozim bu urushni inauguratsiya marosimidan keyin 100 kun ichida to‘xtatish maqsad qilinganini bildirdi.

Hindistonda darg‘azab fil odamlarga tashlandi

Hindistonda g‘azablangan fil yaqinidagi odamlarga hujum qildi. Hodisa payti kamida 17 kishi jarohat olgan. “Voqea Kerala shtatidagi Malappuram tumanida, har yili nishonlanadigan diniy bayram chog‘i sodir bo‘ldi”, deyilgan NDTV tarqatgan xabarda.

Ta’kidlanishicha, yakshanba kuni kechqurun diniy marosimda ishtirok etayotgan besh filning biri bezovtalanib, olomonga tashlanib qolgan. Voqea joyida olingan video tasvirda jonivor bir kishini xartumida ko‘tarib, havoda aylantirayotgani aks etgan. Jabrlanuvchining ahvoli og‘ir.

Turkiyada erkak yo‘lovchiga yo‘l ko‘rsata olmagani uchun oyog‘idan o‘q yedi

Sabah” gazetasi yozishicha, Turkiyaning Bursa shahrida yashovchi 53 yoshli E.O. kafe yonida turganda, yoniga notanish kishi kelib, bir uyning manzilini so‘ragan. E.O. esa bilmasligini aytgan. “Nega bilmaysan?” – deya, jahli chiqqan yo‘lovchi bechoraning oyog‘iga qarata o‘q uzgan.

Yaralangan erkakka shu joyning o‘zida birinchi yordam ko‘rsatilib, keyin kasalxonaga olib borishgan.

Politsiya o‘q uzgan shaxsni qidirmoqda, deyiladi xabarda.

S.Rahimov, O‘zA