Milliy sportimiz kurashning xalqaro maydonda keng rivoj topishida mamlakatimizda o‘tkaziladigan ichki chempionat va birinchiliklarning ahamiyati beqiyos. Shu ma’noda, keyingi yillarda yurtimizda kurash bo‘yicha bir qator turnirlar, chempionatlar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazilmoqda. Bu aholi orasida kurash sportining ommalashishiga xizmat qilayotir.

Guliston shahrida kurash bo‘yicha kichik o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston chempionati musobaqasi ham ayni shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Chempionatning tantanali ochilish marosimida ishtirok etgan Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, zamonaviy kurash qoidalari asoschisi Komil Yusupov va viloyat prokurori Savid Imatov mazkur sa’y-harakatlar kurashning dunyo bo‘ylab keng yoyilishida muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi. Aytish lozimki, chempionatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlardan Sirdaryoga kelgan ming nafarga yaqin kurashchi o‘g‘il qizlar 20 ta vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etmoqda. Birinchilikning g‘olib va sovrindorlari ertaga 15 aprel kuni aniqlanadi.

Sh. Suyarov, O‘zA