2024 yilning 26 iyul – 11 avgust kunlari Fransiya poytaxti Parijda o‘tkaziladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun mo‘ljallangan chiptalar sotuvi bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar e’lon qilindi.

“Parij – 2024” Olimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi ijrochi direktori Etiyen Tobuaning jurnalistlarga bildirishicha, Olimpiada chiptalari sotuvining birinchi bosqichida 158 tadan ortiq mamlakatdan xaridorlar ishtirok etdi.

Birinchi bosqichda 3,5 million dona chipta sotilgan. Ularning uchdan ikki qismi mahalliy xaridorlar hissasiga to‘g‘i keladi. O‘yinlar dasturidagi musobaqalar uchun eng ko‘p chipta sotib olganlar Buyuk Britaniya sport ishqibozlari bo‘ldi.

Olimpiya o‘yinlari tomoshabinlari uchun mo‘ljallangan chiptalar sotuvining ikkinchi muddati rasman boshlanganligi tasdiqlanib, ro‘yxatdan o‘tish joriy yil 20 aprelga qadar davom etishi bildirildi.

“Parij – 2024” tashkiliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Olimpiada chiptalarini sotish platformasi hamma uchun ochiq. Ishqibozlarning millati yoki yashash joyiga cheklov o‘rnatilmagan.

T. RO‘ZIEV, O‘zA