Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilganidek, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

– 130 ming talaba yoshlarga 1,7 trillion so‘m ta’lim krediti berildi, xotin-qizlarning magistraturada o‘qishi bepul bo‘ldi;

– 53 ming nafar ehtiyojmand talabalarga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘landi;

– 81 ming talabaga uy-joy ijara to‘lovi ajratildi, 15,5 ming yoshlarga harbiy xizmat uchun mablag‘ to‘lab berildi;

– 13 ming yoshlarga chet tillari bo‘yicha sertifikat olish xarajati to‘lab berildi;

– “Yoshlar daftari” orqali 300 ming yoshlarga qariyb 600 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

Shuncha sharoit yaratilganiga qaramasdan, ayrim hokimlar va vazirlar yoshlar masalalari bilan jiddiy shug‘ullanmayotgani, ayniqsa Termiz shahri, Chiroqchi, Kasbi, Urgut, Sherobod, Angor, Uzun, Muzrabot, Amudaryo, Dehqonobod, Oltinsoy, Sharof Rashidov, Asaka, Qamashi, Taxiatosh va Peshku tumanlarida yoshlarning bandligini ta’minlash oqsayotgani tanqid qilindi.

O‘zA