Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

– Barcha rahbarlar bir narsani bilib olsin: ertangi kunimiz egalari bo‘lgan yoshlar bilan ishlash – biz uchun hayot-mamot masalasi! Biz yoshlarga bugundanoq sharoit qilib bermasak, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha inqilobiy tashabbuslarni ilgari surmasak, Yangi O‘zbekistonni qanday barpo qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

O‘tgan davrda yoshlar siyosati bo‘yicha ishlarni mahallada tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. 9 ming 400 ta mahallaga fidoyi va tashabbuskor o‘g‘il-qizlardan iborat yoshlar yetakchilari tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyat yaratildi. O‘tgan yilning o‘zida:

– yoshlar tadbirkorligi uchun 4 trillion so‘m kredit ajratilib, 150 mingta loyiha ishga tushdi, 325 mingta ish o‘rni yaratildi;

– 43 ming gektar ekin maydoni ajratilib, 435 ming yoshlar bandligi ta’minlandi;

– 32 mingdan ziyod yoshlarga subsidiya ajratilib, ularga asbob-uskuna, mehnat qurollari va kompyuter olib berildi.

O‘zA