Avval xabar berganimizdek, Davlatobod tumanidagi “Do‘stlik” sport majmuasi kortlarida 14-18 yoshdagi qizlar va o‘g‘il-bolalar o‘rtasida bir hafta davom etgan tennis bo‘yicha “ITF Juiors Js Tournament” xalqaro turniri nihoyasiga yetdi.
Musobaqada ishtirok etish uchun yurtimiz tennischilaridan tashqari, Italiya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Ruminiya, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi davlatlardan yuzdan ziyod yosh raketka ustalari tashrif buyurdi. Saralash va asosiy to‘r bellashuvlarini g‘alaba bilan yakunlagan sportchilar hal qiluvchi bahslarda g‘oliblik uchun kortga chiqdi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida yakkalik finalida Rossiya Federatsiyasi vakili Savva Rubkinni 7:6(3), 7:5 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan italiyalik Filippo Gallerio bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Juftlik bellashuvlarida esa hamyurtlarimiz finalda ishtirok etdi. Unda Boburmirzo Yoqubjonov/Bobur Madaminov tandemidan 6:2, 1:6, 10:3 hisobida ustun kelgan Ilya Ignatev/Aziz Madatov juftligi zafar nashidasini surdi.
Qizlar ishtirokidagi yakkalik final o‘yinida rossiyalik Yekaterina Tupitsina vatandoshi Vasilisa Kupriyanovani ikki setga ko‘ra, bir xil – 6:1, 6:1 hisobida taslim etib, g‘oliblar safidan o‘rin oldi. Ushbu sportchi juftlikda qozog‘istonlik Malika Amirgaliyeva bilan birga ham muvaffaqiyat qozondi. Ular finalda rossiyalik sportchilar Anna Bazderova/Mariya Dushak juftligiga imkon qoldirishmadi. Hisob – 6:3, 6:2.
Xalqaro turnir g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston tennis federatsiyasi hamda Namangan viloyati hokimligi tomonidan munosib ravishda rag‘batlantirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA