Mamlakatimizdagi 40 dan ziyod chet davlatlarning Favqulodda va muxtor elchilari, shuning bilan birga Birlashgan Millatlar Tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi, YUNESKO, YUNISEF, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash va boshqa xalqaro tashkilotlarning vakillari Orolbo‘yiga tashrif buyurdi.

Mo‘ynoq aeroportida mehmonlarni Qoraqalpog‘iston  Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar  Kengashi Raisi F.Ermanov kutib oldi.

Ushbu tashrifdan  ko‘zlangan maqsad, elchilar va mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillariga Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, Orol dengizining suvi qurigan tubida hamda Mo‘ynoq tumanida olib borilayotgan loyihalarni, aholining turmush sharoitini yaxshilash, bandligini ta’minlash, eng muhimi, bugungi kundan rozi bo‘lib yashashini ta’minlash bo‘yicha ishlarni chet ellarning mamlakatimizdagi elchilariga, nufuzli xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari rahbarlariga yaqindan tanishtirish hisoblanadi.

Delegatsiya a’zolari Orol dengizi tarixi muzeyi, ochiq osmon ostidagi kemalar majmuida bo‘ldi. Tuman markazida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Bu yerda bir vaqtlar O‘zbekistonning baliqchilik sanoatiga ixtisoslashgan yagona port shahri hisoblangan Mo‘ynoqning baliqchilik sanoati, Orol dengizi bilan bog‘liq esdaliklar, fuqarolarning yashash tarzini ifodalovchi kartinalar va boshqa tarixiy eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.

– Prezident Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan ekologik og‘ir hududda yashayotgan aholining turmush sharoitini yaxshilash sohasida tahsinga loyiq ishlar olib borilgan, – deydi Misrning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Faxmi xonim.– Buni ko‘rib, o‘zimiz ham guvohi bo‘ldik. Orolbo‘yining eng chekka hududi hisoblangan Mo‘ynoq tumanidagi chiroyli binolar, ravon yo‘llar, zamonaviy aeroport va boshqa ijtimoiy ob’ektlar, sport maydonchalari bilan tanishdik. Bu ishlar bilan tanishganimdan mamnunman.

Prezidentimizning 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Orol dengizining qurigan maydonlarida “yashil qoplamalar”  – himoya o‘rmonzorlarini barpo etish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, zararli tuz va changlarning Orol dengizi tubidan ko‘tarilishining oldini olish maqsadida bir qator topshiriqlar belgilab berilgan bo‘lib, ishlar ommaviy boshlangan edi. Ushbu amaliy ishlarning samarasi o‘laroq, 2018-2022 yillarda jami 1 million 720 ming gektar maydonga cho‘l o‘simliklari ekildi.

Mehmonlar Orol dengizining qurigan tubida yashil hududlarni barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni, shu jumladan, saksovul va  boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklarning ko‘chatlarini  va urug‘larini ekish jarayonini ko‘zdan kechirishdi. Bu ishlar qizg‘in davom etmoqda. Cho‘lga chidamli o‘simliklarning ko‘chatlarini ekish ishlariga qishloq xo‘jaligi texnikalari, aviatsiya xizmati, shuning bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar va Tabiat resurslari vazirliklarining mutaxassislari jalb etilgan.

Shundan  so‘ng, mehmonlar  Orol  dengizining  qurigan  tubidagi 67-kilometr masofada joylashgan maydonda barpo etilgan yashil o‘rmonzorlar bilan tanishdi. Dastlabki ekilgan ko‘chatlar allaqachon bo‘y ko‘targan. Bular dengizning qurigan tubidan atmosferaga ko‘tarilayotgan tuzlarni va chang-to‘zonlarni  to‘sishga  xizmat qilmoqda.

– Biz Prezident  Shavkat  Mirziyoyevning  tashabbusi  bilan atrof-muhitni yaxshilash sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuksak baholaymiz,–deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ashina Xalakdina xonim. – Amalga oshirilayotgan ezgu choralar insonlarning hayot tarzi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu bois ham bu muhim hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston  Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Orol fojiasini bartaraf etish bo‘yicha olib  borilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan loyihalar hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bo‘ldi.

Mehmonlarga Nukus shahrida san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi. Ular sumalak saylida ishtirok etdi.

Elchilar va mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish ishlari bilan tanishishi 5 aprel kuni ham davom etdi. Ular Nukus shahridagi “Altin jag‘is” mahalla fuqarolar yig‘inidagi ishlar bilan tanishdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida ushbu mahalla fuqarolar yig‘inida ham bo‘lgan edi. 4 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladigan mahalla “Obod mahalla” dasturiga kiritilib, unda keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan, mahalla binosi, bolalar maydonchalari, tibbiyot punkti, tadbirkorlikka ko‘maklashuvchi markaz, savdo shoxobchasi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, zamonaviy sport majmuasi qurib bitkazilmoqda. Mahallada amalga oshirilgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, mehmonlar Nukus shahridagi perinatal markazi, I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyida ham bo‘ldi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov,  O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi B.Saidov ishtirok etdi.


Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri