Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining 2022-2024 yillardagi faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ikki yil mobaynida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning muhim yo‘nalishlarida Jamoatchilik kengashi samarali faoliyat olib bordi.
Xususan, jamoatchilik kengashlari faoliyatida kamyob amaliyot – jamoatchilik eshituvi, jamoatchilik monitoringi kabi mexanizmlardan samarali foydalanildi. Sog‘liqni saqlash vaziri eshituvi, “Ye-qaror” platformasi va oliy ta’lim muassasalariga imtihonlar jarayoni monitoringi shular jumlasidandir.
Kengash a’zolarining faolligi va tashabbuskorligining natijasi o‘laroq, 2024 yildagi Davlat dasturida Agentlik zimmasiga barcha davlat organlari Jamoatchilik kengashlari faoliyatini monitoring qilish, ularni namunali kengashlarga aylantirish bo‘yicha vazifa yuklatildi. Bu vazifani ham kengash samarali amalga oshirdi.
Jamoatchilik kengashining vakolat muddati bu yil o‘z yakuniga yetdi va endilikda Agentlik tomonidan belgilangan tartibda kengashning yangi tarkibi shakllantiriladi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan yig‘ilishda Agentlik direktori Akmal Burxonov ana shunday faol ko‘mak, yaqin hamkorlik va yangi tashabbuslar uchun kengash a’zolariga minnatdorlik bildirib, ularning kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA