Toshkent shahridagi Inha universitetining xalqaro miqyosda nufuzini yanada oshirish, zamonaviy yo‘nalishlarni ko‘paytirish masalalari muhokama qilindi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Koreya Respublikasining Inha universiteti prezidenti Cho Myong Vu bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ikki tomon o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Vazir Inha universitetining Toshkentda ochilganiga o‘n yil to‘lgani, uning o‘zbek yoshlari uchun qanchalik muhim ekanini qayd etdi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.

Shuningdek, 400 nafardan ortiq o‘zbekistonlik talaba ayni paytda Koreyadagi Inha universitetida ta’lim olayotganini aytib, bu AT yo‘nalishida ta’lim olish uchun yoshlarimiz orasida qiziqish yuqoriligini ko‘rsatishini ta’kidladi.

Soha O‘zbekiston uchun ijobiy ta’sir ko‘rsatib, kelgusida talabalar yurtimizda zamonaviy AT sohasi mutaxassislarini yetishtirishda muhim rol o‘ynaydi.

A.RUSTAMOV,

O‘zA