“2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, byudjet mablag‘larini taqsimlashda barcha sohalar qatori ijtimoiy yo‘nalishlarga keng o‘rin berilgan.
Jumladan, ta’lim sohasiga 84,3 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu mablag‘lar jami Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 25 foizini tashkil etib, bu 2024 yilga nisbatan 13,2 trillion so‘mga ko‘p. Xususan, umumiy ta’limga 54 trillion so‘m, maktabgacha ta’limga 15,8 trillion so‘m hamda oliy va o‘rta-maxsus ta’limga 14,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Ajratilayotgan bu mablag‘lar ta’lim sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi. Chunonchi, umumta’lim maktablarida o‘quvchilar soni 2025 yilning 1 sentyabr holatiga qariyb 6 million 800 mingga yetishi natijasida 1,1 trillion so‘mga yaqin qo‘shimcha xarajatlar yo‘naltiriladi.
Umumta’lim sohasiga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘larning yildan- yilga ko‘paytirilishi tufayli kelgusi yilda umumta’lim maktablarida bir o‘quvchiga to‘g‘ri keladigan yillik xarajatlar miqdori 7 million so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.
Shuningdek, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchi 1,4 million bolalarni ota-onalar tomonidan to‘lanadigan to‘lovdan tashqari oziq-ovqat xarajatlarini qoplash uchun byudjetdan 2,5 trillion so‘mga yaqin yoki 2024 yilga nisbatan 15 foizga ko‘p mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.
Davlat oliy ta’lim muassasalarida davlat granti asosida o‘qiydigan talabalar soni 197,5 ming nafarga yetkazilishi e’tiborga olinib, 2025 yilda ta’lim sohasidagi davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun 10,7 trillion so‘m, ya’ni, 2024 yildan 11 foizga ko‘p mablag‘lar ajratilishi nazarda tutilyapti.
Kelgusi yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi yig‘ilishida ko‘rib chiqilar ekan, muhokamalar davomida deputatlar sinfxonalardagi bolalar sonini belgilangan me’yorlar asosida maqbullashtirish, maktab kutubxonalarini badiiy va ilmiy kitoblar bilan boyitish, maktablardagi kompyuter sinflarini zamonaviy o‘quv qurollari bilan ta’minlash, yangidan maktablar qurish kabi masalalar bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirdi.
M.Komilova,
O‘zA