So‘nggi o‘n yil ichida dunyo iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatiga tobora ko‘p duch kelmoqda. Markaziy Osiyo, jumladan O‘zbekiston ham bundan mustasno emas: mamlakatimiz ekologik muvozanat buzilishiga ta’sirchan hudud sanaladi.

Keyingi payt xalqaro ekspertlar ham iqlim o‘zgarishi mavzusida tez-tez yozishyapti. Masalan, asr o‘rtalariga kelib, mintaqadagi ikki eng yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizgacha pasayishi, aholi jon boshiga suv ta’minlti(25 foiz, qishloq xo‘jaligi hosildorligi 40 foiz kamayishi bashorat qilingan. Bularning bari iqtisodiyot rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, mavjud infratuzilmaga zarar yetkazishi, aholi salomatligi va hayotini yomonlashtirishi mumkin. Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida iqlim kun tartibi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangani bejiz emas. Parij kelishuvi 2017 yil imzolanib, 2018 yil ratifikatsiya qilinishi fikrimizning tasdig‘i.

Shu tariqa O‘zbekiston ham 175 mamlakat qatori global harorat o‘rtacha ko‘tarilishini Selsiy bo‘yicha 2 darajadan past darajada ushlab turish majburiyatini zimmasiga olgan.

2021 yil Glazgoda bo‘lib o‘tgan COP26 konferensiyasida O‘zbekiston YAIMga nisbatan issiqxona gazi chiqindisini kamaytirish bo‘yicha yangilangan milliy miqyosda aniqlanadigan hissa (MMAX,-2) hujjatini taqdim etdi. Bu ko‘rsatkichni 2010 yildagi darajaga nisbatan 2030 yilga borib 10 foizdan 35 foizgacha oshirish (MMAX,-1) ko‘zda tutilgan.

Ushbu maqsadga erishish uchun normativ huquqiy va institutsional baza kengaytirilib, qo‘shimchalar bilan to‘ldirildi. Bir necha strategik hujjat, qaror qabul qilindi va amalga oshirildi.

Masalan, 2019 yil oktyabr oyida qabul qilingan Prezident qarori asosida 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlandi va yashil iqtisodiyot bo‘yicha Idoralararo kengash tuzildi.

Qator strategik va dasturiy hujjatlar, xususan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi, suv xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi, 2019-2028 yillar davrida qattiq maishiy chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasiga yurtimiz tarixida ilk marotaba atrof-muhitni muhofaza qilish  to‘g‘risidagi alohida modda kiritilishi mamlakatimiz ekologik siyosatini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Shu tarzda fuqarolarimizning ekologik xavfsizligini ta’minlash huquqi va majburiyati aniq belgilandi.

Bundan tashqari Prezidentning 2023 yil maydagi farmonida ekologik qonunchilik buzilishi natijasida fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilangan.

Joriy yil iyul oyida Prezident huzurida tashkil etilgan Iqlim kengashi iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatish va shunday holatlarga moslashish masalalari bo‘yicha oliy maslahat organi etib belgilangan.

G‘.Xonnazarov tayyorladi. 

O‘zA