Iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga chiqayotgan ekologiya muammolari butun dunyo bo‘ylab dolzarb tus olayotgan bir paytda, suv xavfsizligini ta’minlash, jumladan, O‘zbekiston uchun ham muhim masalalardan biriga aylangan. Bugungi kunda Respublikamiz hududidagi suvning 80 foizdan ko‘pi oqim yuqorisida joylashgan qo‘shni mamlakatlardan keladi. Qayta tiklanadigan chuchuk suv manbalarining atigi 22 foizi mamlakat ichida joylashgan. Aholi jon boshiga nisbatan suv resurslaridan foydalanish o‘rtacha ko‘rsatkichning 57 foizni tashkil etadi. Jahon resurslari instituti (WRI) ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston suv ta’siriga moyil 25 mamlakat qatoriga kiradi. Ya’ni, bizda iqlim o‘zgarishi suv yetishmovchiligi muammosini faqat murakkablashtiradi, xolos. Shu bois mamlakatimiz rahbariyati tomonidan suv samaradorligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yil respublikamizda suv tejovchi texnologiya qo‘llanadigan maydon 7,7 barobar ko‘payib, bunday hududlar qamrovi 1 million gektarga yetdi. Shundan 398 ming gektari tomchilatib sug‘oriladigan, 31 ming gektari yomg‘irli sug‘oriladigan maydon. 16 ming gektar maydonda esa diskret sug‘orish usuli joriy etildi. Hozir O‘zbekiston suv tejovchi texnologiya joriy qilingan maydonlar bo‘yicha dunyodagi 10 ta yetakchi mamlakat qatorida Isroil, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Ispaniya, Braziliya va Italiyadan keyin 7-o‘rinni egallagan.

Mamlakatimizda o‘z xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiya o‘rnatish istagidagi fuqarolarga subsidiya berish amaliyoti mavjud.

2019 yil qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun 137,9 milliard so‘m subsidiya ajratilgan bo‘lsa, 2020 yil bu ko‘rsatgich 251,6 milliard, 2021 yil esa 899,4 milliard so‘mgacha oshirildi. Jumladan, 754,4 milliard so‘m subsidiya paxta maydonida suvni tejash uchun berilgan.

G‘.Xonnazarov tayyorladi. 

O‘zA