Bundan ikki yil muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida Olimpiya shaharchasi qurilishining tamal toshini qo‘ygan edi.
Xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyatini o‘zida mujassam etgan Olimpiya shaharchasi qisqa fursatda qad rostlamoqda.
Bugunga kelib, yirik sport majmua va inshootlari, alohida sport ob’ektlari, ulkan kommunikatsiya tizimlarini o‘zida mujassam etgan Olimpiya shaharchasida qurilish-montaj ishlari deyarli yakunlandi.
Markaziy Osiyo mintaqasida yagona bo‘lgan shaharcha inshoot va sport majmualarida ayni paytda jihozlash, pardozlash, chor-atrofini ko‘kalamzorlashtirish kabi bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari Olimpiya shaharchasining tamal toshini qo‘yish marosimida “Bizning o‘z yo‘limiz, niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Bugun qilayotgan tarixiy ishlarimiz o‘zining katta natijasini berishiga ishonamiz. Ana shu ishonch bizga kuch-qudrat beradi”, deya ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, ikki yil muqaddam bildirilgan ishonch bugun o‘z samarasini bermoqda. O‘tgan yillar davomida mamlakatimiz sportchilarining Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida, jahon va qit’a chempionatlarida erishgan natijalari, yurtimizning turli mahalla va qishloqlarida barpo etilgan zamonaviy sport inshootlari va maydonchalarda “Besh tashabbus olimpiadasi” kabi musobaqalar zo‘r kayfiyat bilan o‘tkazilayotgani tanlagan yo‘limiz, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimiz istaklarimizga vobasta ekanini ko‘rsatmoqda.
Qisqa fursatda azim Toshkentning Yangi O‘zbekiston bog‘iga tutash maskanida 100 gektar maydonni o‘z ichiga olgan Olimpiya shaharchasining qad rostlayotgani O‘zbekistonning jismoniy tarbiya va sport tizimidagi yutuqlari, muvaffaqiyatlariga mustahkam poydevor yaratilayotganidan dalolat.
Me’moriy jihatdan mukammal, energiya tejamkor va ilg‘or innovatsion yechimlarni o‘zida mujassam etgan Olimpiya shaharchasi asrlar davomida o‘zbek sportining yuksalish pillapoyasiga qo‘yilgan qutlug‘ poyqadam bo‘lib qolishi shubhasiz.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA