Bugun UZTELECOM delegatsiyasi “Huawei” shtab-kvartirasida uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar O‘zbekistonda 5G texnologiyalari, sun’iy intellekt va katta ma’lumotlardan foydalanish sohasidagi kelgusi hamkorlikni muhokama qildi.

Kompaniyaning mamlakatimizdagi vakolatxonasi axborot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv davomida Milliy aloqa operatori vakillari O‘zbekistonda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish maqsadida AKT sohasidagi innovatsiyalar bilan tanishdi.

Shunga ko‘ra, mamlakatning AKT infratuzilmasini mustahkamlash, xususan, “aqlli” shaharlar va “aqlli” uy konsepsiyalarini tatbiq qilish kabi sohalarda sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar texnologiyalaridan foydalangan holda 5G va 5.5G tarmoqlarini joriy qilish imkoniyatlari va ilg‘or tajribalar o‘rganildi.

Sun’iy intellekt va katta ma’lumotlardan foydalanish O‘zbekistonda raqamlashtirish jarayonini tezlashtirishga yordam beradi. Jamiyat hayoti sifati va kundalik ish jarayonlariga intellektuallikni joriy qilish imkonini yaratadi.

Ta’kidlash joizki, tomonlar uzoq yillardan buyon aloqa sohasida ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish va innovatsiyalarni joriy etish borasida hamkorlik qilib kelmoqda. Jumladan, sentyabr oyida o‘tkazilgan “ICTWEEK 2024” haftaligida kompaniyalar O‘zbekistonda ilk bor 5.5G tarmoqlarini ishga tushirdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar sun’iy intellekt va katta ma’lumotlar texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish maqsadida hamkorlik memorandumini imzolashga kelishib oldi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi,

O‘zA