Nukus shahridagi I.Yusupov nomidagi ijod maktabida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Inson qadri ulug‘langan yurt” mavzusidagi tadbirda olimlar, ta’lim sohasining fidoyilari va yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining magistranti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Yerkinay Orinbayeva, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professori Qanatbay Ismailov, Kegeyli tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori Gulbahor Bekmuratova, ta’lim sohasi fidoyisi Ravshan Xalmuratovlar so‘zga chiqib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada aholining farovon hayotini ta’minlashi, inson huquq va erkinliklari qadrlanishi davlat tomonidan kafolatlanayotgani qayd etildi. “Davlat – jamiyat – inson” degan hayotiy prinsipning “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga aylanishi buning yaqqol isbotidir.
Darhaqiqat, joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan umumxalq referendumi mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida tarixiy ahamiyatga ega. Chunki, yangilanayotgan Bosh Qomusimiz shu yurtda istiqomat qiluvchi barcha insonga tegishlidir. Konstitutsiyada inson huquqlari borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga ko‘payib, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, har bir shaxs yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi, ushbu huquqning cheklanishi va turar joyda tintuv o‘tkazishga faqat sud qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi haqida jinoyat protsesida shaxs daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlovchi normalar kiritilgan.
–Yangilanayotgan Konstitutsiyaning 53-moddasida “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi” deyilgan, – deydi Kegeyli tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab direktori Gulbahor Bekmuratova. – Bu esa, kelajakda san’at, madaniyat, ilm va texnikaga qiziquvchan yoshlar uchun yanada keng imkoniyat yaratilishidan darak beradi. Shuning uchun ham men ta’lim sohasi vakilasi hamda ona sifatida farzandlarimizning kelajagiga befaraq bo‘lmagan holda, barcha ota-onalarni, pedagoglarni 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirib qolaman.
Tadbir taniqli san’at ustalari, estrada xonandalari va iqtidorli o‘quvchilar ijrosidagi Vatanni, xalqlar do‘stligi va tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar hamda sahna ko‘rinishlari bilan davom etdi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA