O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
nishon.jpg

Jamiyatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, keng qamrovli profilaktika tadbirlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillarini taqdirlash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-fevraldagi «Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-4944-sonli Farmoniga asosan:

1. «Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.

2. Quyidagilar:

«Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;

«Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni va uning guvohnomasining tavsiflari 2, 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Mahalla iftixori» ko‘krak nishonlari va ularning guvohnomalari tayyorlanishini ta’minlasin.

4. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining «Mahalla iftixori» ko‘krak nishonlari va ularning guvohnomalarini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan qoplanishi to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritsin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                               Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 13-iyul

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017-yil 13-iyuldagi
PQ-3132-sonli Qaroriga 1-ilova
«Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi
NIZOM

1. «Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni (keyingi o‘rinlarda – ko‘krak nishoni) bilan jamiyatimizda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va rolini kuchaytirish, joylarda ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, keng qamrovli profilaktika tadbirlari va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, mahalla fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish ishlariga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol, tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillari taqdirlanadilar.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

2. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflar mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan (fuqarolar vakillarining yig‘ilishlari qarorlari asosida) Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlariga beriladi.

3. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman (shahar) kengashlarining ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, har yilning 1-may sanasiga qadar Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga (keyingi o‘rinlarda – Respublika kengashi) taqdim etiladi.

4. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni ko‘rib chiqish tartibi Respublika kengashi tomonidan belgilanadi.

5. Respublika kengashining qarori bilan ko‘krak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha doimiy komissiya (keyingi o‘rinlarda – komissiya) tashkil etiladi.

6. Komissiya xulosasi asosida Respublika kengashining ko‘krak nishoni bilan taqdirlashga oid qarori qabul qilinadi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaror Respublika kengashining axborot vositalarida e’lon qilinadi.

7. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar eng kam oylik ish haqining to‘rt baravari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti oladilar.

Bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofotlari O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

8. Ko‘krak nishoni, uning guvohnomasi va pul mukofoti Mustaqillik kuni bayrami arafasida Respublika kengashi raisi (yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

9. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarning mahalla tizimi rivojiga qo‘shgan munosib hissasi va ibratli faoliyatini keng targ‘ib qilish maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari hamda tuman (shahar) markazlaridagi «Mahalla markazi» majmualari binolariga o‘rnatiladigan «Mahallamiz iftixorlari» axborot peshlavhasining namunaviy shakli Respublika kengashi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

10. Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobidan mamlakatimiz sanatoriylarida davolanishlari uchun bir marotabalik bepul yo‘llanma olish huquqiga ega bo‘ladilar.

11. Ko‘krak nishoni takroran berilmaydi.

12. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017-yil 13-iyuldagi
PQ-3132-sonli Qaroriga 2-ilova
«Mahalla iftixori» ko‘krak nishonining
TAVSIFI

«Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘lib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.

Ko‘krak nishonining old tomoni yuqori qismida O‘zbekiston Respublikasining xaritasi, uning ostida mahallaning ramziy darvozasini ifodalovchi arka tasviri ko‘tarilayotgan quyosh nurlari fonida aks ettirilgan.

Ko‘krak nishonining aylanasi bo‘ylab zarhal hoshiya bilan o‘ralgan ko‘k rangdagi emal doira ichida «MAHALLA IFTIXORI» so‘zlari yozilgan. Harflarning balandligi 2,3 millimetr, yozuvlar zarhallangan. Uning pastki qismi markazida ikkita sakkiz qirrali yulduz oralig‘ida faxr-iftixor va sharaf ma’nolarini ifoda etuvchi dafna yaproqlari tasvirlangan.

Ko‘krak nishonining orqa tomoni markazida besh qatorda harflarning balandligi 2 millimetr bo‘lgan «MAHALLA», «TIZIMI RIVOJIGA», «QO‘SHGAN», «MUNOSIB HISSASI», «UCHUN» so‘zlari yozilgan.

Ko‘krak nishonining qalinligi 2,2 millimetr.

Tasvirlar va yozuvlar qabariqdir.

Ko‘krak nishonining old va orqa tomonlarining chetlari qabariq doira bilan o‘ralgan.

Ko‘krak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi qadag‘ichga ulangan.

Qadag‘ichning eni – 26 millimetr, bo‘yi – 17 millimetrdan iborat. Qadag‘ich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan bo‘lib, lentaning o‘rtasidan eni 8 millimetrli oq rangli yo‘l, ikki chetidan esa har birining eni 7 millimetr bo‘lgan yashil rangli yo‘l o‘tgan.

Qadag‘ichning orqa tomoniga ko‘krak nishonini kiyimga taqib qo‘yish uchun to‘g‘nog‘ich ko‘rinishidagi moslama o‘rnatilgan.

* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
2017-yil 13-iyuldagi
PQ-3132-sonli Qaroriga 3-ilova
«Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI

3 (2).jpg«Mahalla iftixori» ko‘krak nishoni guvohnomasi 160×110 millimetr o‘lchamdagi kitobcha shaklida bo‘lib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qog‘ozdan tayyorlanadi.

Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va to‘rtinchi betlari) ko‘k rangda bo‘lib, plyonka bilan qoplangan.

Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, ichki burchaklari aylana shaklida bo‘lgan to‘q ko‘k rangli hoshiya bilan o‘ralgan.

Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 35 millimetr pastda, markazda oralig‘i 3,5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «Mahalla iftixori», ikkinchi satrda «ko‘krak nishoni» («Times new Roman Bolt» shrifti, 17-kegl) so‘zlari yozilgan. Undan 6 millimetr pastda «GUVOHNOMASI» (katta harflarda, «Times new Roman Bolt» shrifti, 17-kegl) so‘zi yozilgan. Yozuvlar zarhal rangida aks ettirilgan.

Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) «Tangir» tasviri tushirilgan och havo rangda bo‘lib, ofset usulida chop etilgan.

Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda ko‘krak nishonining asliga teng o‘lchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.

Guvohnomaning ichki o‘ng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda «GUVOHNOMA» (katta harflarda, «Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zi hamda guvohnoma tartib raqami uchun «№» belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.

«GUVOHNOMA» so‘zidan 11 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oralig‘i 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.

Pastki chiziqdan 6 millimetr quyida, markazda oralig‘i 2 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish», ikkinchi satrda «organlari faoliyatini muvofiqlashtirish», uchinchi satrda «bo‘yicha respublika kengashining» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan.

Undan 5 millimetr pastda oralig‘i 4 millimetr bo‘lgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «20__ y. «___» ___________dagi», ikkinchi satrda «____-sonli Qaroriga asosan» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan.

Undan 5 millimetr pastda, markazda oralig‘i 5 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi catrda markazda «Mahalla iftixori» («Times new Roman Bolt» shrifti, 12-kegl), ikkinchi satrda «ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan.

So‘nggi so‘zlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda oralig‘i 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda «Respublika», ikkinchi satrda «kengashi raisi» («Times new Roman Bolt» shrifti, 10-kegl) so‘zlari yozilgan.