Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida o‘tkazilgan «Sharq-G‘arb» Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi bo‘yicha kelishuvga a’zo mamlakatlar bojxona xizmatlari rahbarlarining ko‘p tomonlama uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriya, Turkiy davlatlar tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bojxona xizmati rahbarlari qatnashdi.

Uchrashuvda «Sharq-G‘arb» Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi bo‘ylab harakatlanayotgan yuklar tranzitida bojxona tartibotlarini soddalashtirishga qaratilgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Akmalxo‘ja Mavlonov o‘z chiqishida «Sharq-G‘arb» Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi Markaziy Osiyo davlatlari, xususan O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Asosiy e’tibor mintaqamizdagi tranzit koridorlarining raqobatbardoshligini oshirish, biznes uchun eng maqbul tariflarni joriy etish va zamonaviy transport infratuzilmasini yaratishga qaratildi.

Mazkur yo‘lak bo‘ylab tranzit tashuvlarini yanada jadallashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yanada ko‘p qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston bojxona xizmati rahbari elektron ma’lumotlar almashinuvining o‘zaro integratsiyalashgan, ishonchli va xavfsiz portalini tashkil qilish tashabbusini ilgari surdi.

Bu borada O‘zbekiston bojxonasi allaqachon o‘z tajribasiga ega. 2023 yil 1 yanvardan e’tiboran tranzit deklaratsiyasini bojxona organiga taqdim etish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha operatsiyalar Bojxona qo‘mitasining «E-Tranzit» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Yig‘ilishda mazkur tizimning afzalliklari haqida ham batafsil axborotlar berildi. Uchrashuv yakunida tomonlar tranzit bojxona tartibotlarini soddalashtirishga qaratilgan Bayonnoma imzoladi.

O‘zA