Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida Folker Tyurk Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy sud raisi, Bosh prokuror, ichki ishlar va adliya vazirlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasiga safar qildi, Senat raisi bilan uchrashdi. Oliy martabali mehmonning yurtimizga tashrifi yakuniy tadbiri sifatida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

F.Turk nutqi avvalida O‘zbekiston rang-barang, boy, ammo juda murakkab tarixga ega ekanini ta’kidladi. U avval ham, diyorimizga mustaqillikka erishilgandan ko‘p o‘tmay tashrif buyurgani, bugun esa butunlay boshqacha mamlakatni ko‘rayotganini hayrat bilan so‘zladi. Jurnalistlarga qarata Toshkentga birgina nazar tashlash kifoya ekan, bugun men imkoniyatga to‘la, jo‘shqin davlatni ko‘ryapman, dedi.

– So‘nggi olti yil O‘zbekistonda inson huquqini ta’minlash bo‘yicha aql bovar qilmaydigan islohotlar yuz berganini ko‘rish mumkin, – deydi BMT Oliy komissari. – Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar barcha sohalardagi muhim huquqiy islohotlarni qamrab olgan. Paxta dalasida majburiy mehnatga barham berilishi, 76 mingdan ziyod fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga fuqarolik berilishi, Suriya va boshqa hududlardagi lagerlardan 500 dan ziyod ayol va bola qaytarilishi va jamiyatga qayta integratsiyalashuvi fikrimga yaqqol misol bo‘la oladi.

Boshqa davlatlarni O‘zbekistondan o‘rnak olishga chaqirarkan, F.Tyurk inson huquqi bo‘yicha xalqaro mexanizm, inson huquqlari bo‘yicha kengash, idoralar bilan turli masalalar, jumladan, Nogironlar huquqi to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish bo‘yicha izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.

– Tashrifim davomida hukumat vakillari oldinda turgan vazifalar ko‘lami haqida ma’lumot berishdi, – qo‘shimcha qildi u. – Ular o‘zlariga meros qolgan qiyinchiliklar haqida ham gapirishdi. Unutmaylik, eski odatdan  qutulish qiyin. Vaqt o‘tishi bilan inson huquqiga oid tafakkur va hatti-harakat mamlakat tuzilishiga chuqur singib boryapti, islohot tezlashdi. Bu bosqichma-bosqich kechadigan jarayon va oldinda hali ish ko‘p ekanini ham yaxshi tushunaman. Safdan hech kim chetda qolmasligi kerak.

Matbuot anjumanida, shuningdek, F.Turk BMT Inson huquqlari bo‘yicha idoraviy hukumati, jumladan, Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy idora bilan hamkorlikni yuqori baholashini, tegishli takliflar jarayonni yanada chuqurlashtirishini ta’kidladi. U uch kunlik tashrifi davomidagi kuzatishlari, tavsiyalarini hukumatga yetkazish imkoniga ega bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

– Darhaqiqat, tashrif chog‘ida hayotning barcha jabhalarida – siyosiy sohadan tortib, jamoatchilik yo‘nalishigacha gender tafovutini bartaraf etish zarurligi masalasini ko‘tardim, – dedi yuqori martabali mehmon. – Men Prezident ham, Senat raisi ham ushbu nomutanosiblikni bartaraf etishga qat’iy kirishganini olqishlayman.

Shuningdek, Turk oiladagi zo‘ravonlikni jinoiy javobgarlikka tortish rejasiga oid dasturlar bilan tanishganini ham ochiqladi.

Jurnalistlar ishtirokida takil etilgan tadbirda faol fuqarolik jamiyati inson huquqi “g‘ildiragi”ning o‘qidir, degan ibora ham ishlatildi. Mutaxassis nodavlat tashkilotlar aralashuvdan xoli muhitda erkin faoliyat yuritishi juda muhim ekaniga urg‘u berdi. Xuddi shunday, turli xil qarashlarni rag‘batlantirish, fuqarolik jamiyatini kengaytirish uchun turfa fikrli muhit zarurligi haqida so‘z bordi.

Oliy komissar hisobotida erkin ommaviy axborot vositalari, ochiq raqamli makon barchaga mamlakatni taraqqiy ettirish jarayonida to‘liq ishtirok etish uchun qulay muhit yaratishini eslatdi. Jurnalistlarni, so‘z erkinligini himoya qilish bo‘yicha keyingi harakatlar shunday choralar sirasiga kirishi ta’kidlandi.

Folker Tyurk Qoraqalpog‘iston Respublikasiga sayohati xususida ham ma’lumot berdi. U Nukusda Savitskiy nomidagi muzeyda yoshlar bilan, shahar chetidagi mahallada jamoat rahbarlari va oqsoqollar bilan muloqot qilish sharafiga muyassar bo‘ldi.

So‘zi so‘ngida mehmon barchani Inson huquqlari deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi bilan qutladi.


Saidmurod Rahimov, Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA