O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 4-aprel kuni aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish borasidagi ishlar tahlili va galdagi eng muhim vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Ilgari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi, biror firma yoki korxona ochmoqchi bo‘lgan odam hujjat to‘g‘rilash jarayonida sarson-sargardon bo‘lardi. Notarius, arxiv yoki kadastr idorasidan, gaz, elektr, suv ta’minoti tashkilotidan yoki mahalladan oddiy bir ma’lumotnoma olish uchun ham ba’zan kun bo‘yi navbatda turishga to‘g‘ri kelardi.
Bugun ham qator davlat organlarida axborot tizimlari, resurslari va ma’lumotlar bazasi mavjud emasligi davlat xizmatlari ko‘rsatishda muayyan qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishining past darajada ekani va qog‘oz hujjatlar aylanmasining saqlanib qolgani asossiz moliyaviy xarajatlarga, fuqarolarning ortiqcha kutib qolishi va navbatlar yuzaga kelishiga, bu esa, oqibatda ba’zan korrupsiya va byurokratiya holatlariga olib kelmoqda.
Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida inson manfaatlari bosh mezon sifatida belgilangani hamda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ulug‘vor g‘oya ilgari surilgani davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda.
Bugungi kunda mazkur markazlar tomonidan bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha ariza berish, fuqaroni jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida hisobga qo‘yish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, loyiha hujjatlarini kelishish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga, yakka tartibda uy-joy qurishga (rekonstruksiya qilishga) ruxsat berish, suvdan maxsus foydalanish yoki suvni maxsus iste’mol qilish uchun ruxsat berish kabi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga markazlar orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari turini yanada ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlat xizmatlarining har bir turi “Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi” tamoyiliga ko‘ra, vakolatli davlat organlari, tashkilotlar zarur hujjatlar va axborotlarni boshqa tuzilmalardan mustaqil ravishda olishi hisobiga soddalashtiriladi.
Albatta, odamlarning mushkulini oson qiladigan, zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bu tizim xalqimizga katta qulaylik yaratmoqda. Lekin hali joylarda ayrim kamchiliklar borligi tezkor va sifatli xizmatlar ko‘rsatishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.
Masalan, ayrim vakolatli organlarda davlat xizmati ko‘rsatish bo‘yicha elektron axborot tizimi to‘liq joriy etilmagan, idoralararo elektron axborot almashuvi yo‘lga qo‘yilmagan. Ayrim Davlat xizmatlari markazlari optik tolali internet tarmog‘iga ulanmagan.
Yig‘ilishda bu muammolar tanqidiy tahlil qilinib, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa tegishli idoralarga 50 ta davlat xizmatlari bo‘yicha elektron axborot tizimi va elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, barcha davlat xizmatlari markazlarini optik tolali internetga ulash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Shuningdek, barcha markazlarda elektron navbat tizimini ishga tushirish, uyali telefonlar orqali davlat xizmatlaridan foydalanish imkonini beradigan dasturlar yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat xizmatlari markazlari binosining namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy qilib qurish, bu borada investorlarga imtiyozlar berish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, tadbirkorlikka doir 35 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar hukumat tomonidan beriladi. Bunday o‘ta markazlashish tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qiladi. Shu bois, “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” Davlat dasturiga muvofiq, litsenziyalar va ruxsat berish tartib-qoidalarini keskin qisqartirish va soddalashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
Kadastr va qurilish sohalarida davlat xizmatlari ko‘rsatish qoniqarsiz ahvolda ekani jiddiy tanqid qilindi. “Ergeodezkadastr” qo‘mitasiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda ko‘chmas mulk obyektlarining kadastr hujjatlarini elektron tartibda yuritish, kadastr guvohnomalarini qog‘ozda emas, balki elektron reyestrdan ko‘chirma shaklida berish amaliyotini joriy etish vazifasi topshirildi. Shuningdek, barcha ruxsatnoma va litsenziyalarni elektron tizim orqali taqdim etish imkonini beradigan “Litsenziya” axborot kompleksini joriy yil may oyiga qadar to‘liq ishga tushirish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, 2021-yilgacha 5 milliondan ziyod haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish zarur. Biroq bu bo‘yicha har bir viloyatda 3-4 ta, mamlakatimizda jami 49 ta tuzilma bor, xolos. Endilikda haydovchilik guvohnomalarini almashtirib berish ham Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi. Buning uchun ushbu markazlarga yo‘l harakati xavfsizligi vakili biriktiriladi.
Sayyor qabullarda bildirilgan takliflarni inobatga olib, Adliya vazirligiga Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichiga hujjatlarni joylardagi davlat xizmatlari markazlari orqali topshirishni tajriba tariqasida joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda sohaga mas’ul rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.