Yuzlab xorijliklarni jalb qilish samarasi

Mamlakatimizga turizm, xususan, ziyorat turizmi uchun tashrif buyurayotgan sayyohlar soni ko‘paygani sari mehmonxona xizmatiga ehtiyoj ortmoqda. Mehmondo‘st o‘zbek xalqi sayyohlarga har tomonlama qulaylik yaratish maqsadida yurtimizda turizm sohasini yanada rivojlantirish, mehmonxona tarmog‘ini takomillashtirish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Surxondaryo viloyati o‘zining maftunkor tabiati, so‘lim go‘shalari, muqaddas ziyoratgohlari va bebaho urf-odatlari bilan dunyo ahlida katta qiziqish uyg‘otadi. Shunda ilhom keladi:
Yuksak cho‘qqilarning mayin bag‘rida,
Mehmonlarni kutib, yashaydi Surxon…
Bugun Surxonga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni ortib bormoqda. Bu albatta yurtimizda turizm infratuzilmasini yaxshilash, yangi sayyohlik yo‘nalishlari tashkil etish hamda mehmonxona xo‘jaligi, sayyohlarga xizmat ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirishga zamin yaratadi.
Surxondaryolik Oydin opa Sharafutdinova turizm va tadbirkorlik rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan tadbirkorlardan. Viloyat markazi – Termiz shahridagi “ASSON” mehmonxonasi qulay sharoiti, lazzatli taomlari va yuksak madaniyatli xodimlari bilan tortimli go‘shaga aylangan.
– Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng tadbirkorlarga keng yo‘l ochildi, – deydi mehmonxona boshqaruvi raisi Oydin Sharafutdinova. – Turmush o‘rtog‘im bilan viloyatda birinchilar qatorida hususiy firma ochganmiz. Mustaqillik bilan birgalikda qadamba-qadam o‘sdik. Mamlakatimizda tadbirkorlarga berilayotgan keng imkoniyatlar samarasi o‘laroq, biznesimiz yaxshi rivojlanmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada bizning ham hissamiz borligidan xursandmiz.
Yuz o‘ringa mo‘ljallangan “ASSON” mehmonxonasida 30 dan ortiq ishchi faoliyat yuritadi. Mehmonxona qoshidagi milliy va yevropa taomlari oshxonasining o‘zida 16 xodim ishlaydi. Surxondaryo chegara hudud bo‘lgani uchun afg‘oniston, tojikistonlik sayyohlar ko‘p mehmon bo‘lishadi. Mehmonxonada mahalliy va chet el fuqarolari talabi e’tiborga olingan holda sharoitlar yaratilgan. Xususan, raqamli televideniye, internet, basseyn, anjumanlar zali, restoran mijozlar xizmatida. Bir so‘z bilan aytganda, bu yerda o‘zbek xalq maqoli – “Mehmon otangday ulug‘” maqoliga amal qilinadi.
Surxondaryoga tashrif buyurgan sayyohlar Hakim at-Termiziy, Abu Iso Muhammad at-Termiziy, Sulton Saodat, So‘fi Olloyor kabi tarixiy qadamjolarni ziyorat qilishadi. Fayoztepadagi buddizm ibodatxonalarini ko‘rishadi. Demak, bu yerda ziyorat turizmi rivojlanmoqda. Shunday paytda ular albatda mehmonxonaga qaytgach qibla qayerdaligini so‘rashadi, namoz o‘qishadi. Mehmonxonada namoz o‘qiydigan burchak, qiblani ko‘rsatadigan ko‘rsatkich va muqaddas Qur’on kitobining bo‘lishi ayni muddao.
– Mamlakatimizda xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar tahsinga loyiq, – dedi O.Sharafutdinova. – Bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, yaxshi natijalarga erishayotgan ayollarimiz juda ko‘p. Yuksak muvaffaqiyatga erishmoqchi bo‘lgan ayollar birinchi galda oilada tutumli bo‘lishi, jamiyatimizga tarbiyali, yaxshi farzandlarni yetkazib berishi kerak.

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA