FOTOREPORTAJ

Nukusda Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan “Yangi nafas” ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi. Unda 7 yoshdan  70 yoshgacha bo‘lgan 5 mingga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Musobaqa starti oldidan so‘z olgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy qutlab, ularga omad tiladi. So‘ng musobaqaga start berildi. Ishtirokchilar Nukus shahridagi Allayor Do‘stnazarov va Islom Karimov ko‘chalari bo‘ylab 3 kilometr masofani bosib o‘tdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra ayollar o‘rtasida Gulnoz Qurbonboyeva faxrli birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Rashidbek Iskandarov erkaklar o‘rtasida yetakchi bo‘ldi. Imkoniyati cheklangan shaxslar orasida Aynura Boboniyozova hamda  Izzat Ro‘zimbetov alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, bir qator ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha ham rag‘batlantirildi.  G‘olib va sovrindorlarga medal, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi san’atkorlari ijrosidagi konsert dasturlari hamda Nukus gornizoni harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari ishtirokchilar e’tiboriga namoyish etildi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA