Braziliyada o‘tayotgan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasidagi jahon chempionatining 5-turida hamyurtlarimiz Afro‘za Hamdamova, Nilufar Imomqo‘ziyeva va Javohir Bozorov g‘alabaga erishdi.
Chempionatning o‘tgan 4-turida Afro‘za Hamdamova qora donalarda paragvaylik Mayergger Gonsalesni mag‘lubiyatga uchratgandi. Javohir Bozorov germaniyalik Daniel Nunes Gregurga qimkoniyatni boy berdi. Nilufar Imomqo‘ziyeva esa qora donalarda armanistonlik Sona Krkyasharyanni taslim etib, g‘oliblik yo‘lidagi kurashni mardonavor davom ettirishga muvaffaq bo‘lgandi.
Bugun tunda poyoniga yetgan 5-tur o‘yinlarida 16 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan Afro‘za Hamdamova oq donalarda germaniyalik Xaris Peglau bilan kuch sinashdi. Murosasiz o‘tgan o‘yinning 62-yurish holatida hamyurtimiz raqibini mot holatiga keltirganligi oydinlashdi.
Terma jamoamiz a’zosi Javohir Bozorov 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar musobaqasida oq donalarda braziliyalik Petro Zotisni, ushbu yosh toifasining qizlar musobaqasida ishtirok etayotgan Nilufar Imomqo‘ziyeva mo‘g‘ulistonlik Guranbaatar Urangoo bilan kuch sinashib, g‘alabaga erishdi.
6-tur bahslarida Afro‘za Hamdamova qora donalarda argentinalik Ernestina Adam bilan, Nilufar Imomqo‘ziyeva oq donalarda polshalik Viktoriya Smetanskaya bilan, Javohir Bozorov qora donalarda Fransiya vakili Virjil Brayl bilan bahs olib boradi.
Jahon chempionatining 6-tur o‘yinlari boshlanishi ostonasida Afro‘za Hamdamova va bugungi raqibi Ernestina Adam 4,5 ochko bilan chempionlikka asosiy da’vogar bo‘lib turgan bo‘lsa, ularga raqobat ko‘rsatayotgan 7 nafar shaxmatchi qiz 4, 6 nafari 3,5, 12 nafari 3 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
14 yoshli qizlar o‘rtasidagi bahslarda o‘ziga xos natija ko‘rsatib kelayotgan hamyurtimiz Nilufar Imomqo‘ziyeva 4,5 ochko bilan 95 nafar ishtirokchi orasida 3-o‘rinda bormoqda. Undan oldinda borayotgan ikki nafar shaxmatchi qiz 5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Hamyurtimizdan keyingi qatorlarda joylashgan 8 nafar shaxmatchi 4, 13 nafari 3,5 ochkoga ega.
Javohir Bozorovning bugungi g‘alabasi uning ochkolari sonini 3 taga yetishiga olib keldi. Uning yosh guruhida 2 nafar shaxmatchi 5, 12 nafari 4, 11 nafari 3,5, 22 nafari 3 ochkoni qo‘lga kiritishga erishgan. Ushbu yosh toifasida 118 nafar ishtirokchi borligini nazarda tutsak, Bozorovning 3 ochko bilan 44-pog‘onada borayotgani yomon ko‘rsatkich emas, albatta.
Aytish lozim, 11 turdan iborat jahon chempionatining deyarli teng yarmi ortda qoldi. Yosh toifalarida kimlar g‘oliblikka asosiy da’vogar bo‘lishi deyarli aniq. Ammo o‘tkaziladigan yana 6 ta tur o‘yinlari g‘oliblik yo‘lidagi asosiy kurashlar hali oldinda ekanligini anglatmoqda.
Lekin shu o‘rinda ta’kidlamoq kerakki, Afro‘za Hamdamova va Nilufar Imomqo‘ziyevaning o‘z guruhlarida yetakchilar qatorida borayotgani, Javohir Bozorov tengdoshlari orasida 3 ochko jamg‘arishga erishgani o‘zbek shaxmatchilarining xalqaro maydonda munosib o‘rni borligidan, mahoratli shaxmatchilarimizning munosib izdoshlari yetishib kelayotganidan dalolatdir.
Eslatib o‘tamiz, 11 turdan iborat jahon chempionati musobaqalari 10 noyabrga qadar davom etadi. Musobaqalarda 62 ta davlatning 527 nafar shaxmatchisi qatnashmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA