Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev so‘zga chiqib, soha fidoyilari va faxriylarini bayram bilan tabrikladi.

Ta’kidlanganidek, soha xodimlarining jamoat tartibi va osoyishtaligini saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirayotgan fidokorona xizmatlari doimo qadrlanadi va alohida e’zozlanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, sohani insonparvar va xalqchil tizimga aylantirish, ochiqlik va shaffoflik muhitini kuchaytirish, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga davlat darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Soha xodimlari o‘z vazifasini emin-erkin bajarish yo‘lida aholining tinch-osoyishta hayotini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jamoat tartibi va yo‘l harakati xavfsizligini saqlash kabi ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha ezgu ishlar olib bormoqda.

Bayram tadbirida shunday mas’uliyatli vazifalarni bajarib kelayotgan bir guruh soha vakillari va faxriylar Jo‘qorg‘i Kenges Prezidiumi qarori bilan ko‘krak nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.