O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi soha vakillaridan iborat delegatsiya Rossiya Federatsiyasi Sochi shahrida bo‘lib o‘tgan “Rossiya meva va sabzavotlari – 2024” VI yillik forumida ishtirok etdi.

Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan forumning asosiy mavzulari meva yetishtirishning istiqbollari, muammolari va amaliy masalalari, ochiq maydonda sabzavot yetishtirish bozorining holati, uning rivojlanishi va salohiyati, shuningdek, kartoshka yetishtirish tarmog‘i bo‘ldi. Bundan tashqari, ishtirokchilar bog‘larni muhofaza qilishda innovatsion yechimlar, sabzavot va mevalarni qayta ishlash, kartoshkachilikning amaliy masalalari, kartoshka va sabzavotlarni qayta ishlash va sotish masalalarini muhokama qildilar.

Ikki kun davom etgan tadbirda biznes tuzilmalari vakillari va soha ekspertlari bilan uchrashuvlar, munozaralar va davra suhbatlari, meva-sabzavot sohasi amaliyotchilari, moliya tuzilmalari va chakana savdo tarmoqlari vakillarining chiqishlari tashkil etildi.  O‘simliklarni himoya qilish zamonaviy vositalari va uskunalarini qo‘llash natijalari namoyish qilindi.

Forum doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Koziyev Rossiyada meva-sabzavotchilik yo‘nalishida faoliyat yuritib kelayotgan soha mutaxassislari, tadbirkorlar, eksportyor-importyor korxonalar vakillari  hamda ilmiy tadqiqotchilar bilan uchrashib, qishloq xo‘jaligida mahsulot yetishtirish va ishlab chiqarishni innovatsion rivojlantirishda o‘zaro tajriba almashib, bu borada hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish, oziq-ovqat sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha fikr almashdilar.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri