Andijonda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida mahalla yoshlari o‘rtasida “O‘zbekiston mahallalar uyushmasi kubogi” uchun gandbol musobaqasining respublika final bosqichi o‘yinlariga start berildi.
17-30 yoshli mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan gandbol musobaqasining respublika final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahalla jamoalari ishtirok etadi.
Ishtirokchi jamoalar Andijonda tantanali ravishda kutib olindi. Musobaqa ochilishidan avval ular Andijon shahrining Xotira maydonidagi Motamsaro ona haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi.
Andijon shahridagi universal sport majmuasida musobaqa ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Komiljon Komilov, viloyat mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi raisi o‘rinbosari Muhammadjon Nishanov, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yuldashev va boshqalar Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, milliy sport o‘yinlari va sport turlarini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, iqtidori, iste’dodi va tashabbuslarini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochib berayotganligini ta’kidlab, ishtirokchi jamoalarga omad tiladi.
Musobaqa o‘yinlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining Sarioltin ovuli hamda Toshkent shahrining Dilbuloq mahallasi jamoalari boshlab berdi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” gandbol musobaqasi respublika final bosqichi o‘yinlari 6 noyabr kuni yakunlanadi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari