Chernogoriyaning Budva shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jahon chempionatida terma jamoamiz 5 tadan oltin va kumush hamda 3 ta bronza, jami 13 ta medalni qo‘lga kiritgan holda ikkinchi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasida bokschilarimiz 5 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medali bilan birinchi bo‘ldi.
Musobaqada Sayfiddin Sobirov, Samandar Olimov, Abdulaziz Jo‘raqulov, Akmaljon Isroilov va Halimjon Mamasoliyev o‘z vazn toifalarida barcha raqiblarini yengib, jahon chempioniga aylandi. Jafarbek Shahbozov, Shahzod Polvonov, Jasmin Tohirova, Ruhshona Parpiyeva, Sobiraxon Shahobiddinova terma jamoamizga kumush medal keltirdi. Sobirjon Tastanov, Muhammad Azizbek Ismoilov va Oysha Toirova bronza medali bilan taqdirlandi.
Jahon chempionati g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi.
Ma’lumot o‘rnida: 2022 yilda ushbu yosh toifasida Ispaniyada o‘tkazilgan dunyo birinchiligida O‘zbekiston terma jamoasi 5 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni olgan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA