“O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiya ID-kartasi va xorijga chiqish biometrik pasporti amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan yangisiga almashtirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi regulation.gov.uz portaliga keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

Mazkur loyihada fuqaroning identifikatsiya ID-kartasi hamda xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan uni yangisiga almashtirish bilan bog‘liq xabarnomalar yuborilishini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga bog‘langan fuqaroga identifikatsiya ID-kartasi hamda xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan uni yangisiga almashtirish bilan bog‘liq xabarnomalar yuborishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zarur bo‘lgan axborot tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish nazarda tutilgan.

Qolaversa, identifikatsiya ID-kartasini olish yuzasidan shakllantirilgan talabnomalarning fuqarolar tomonidan davlat boji to‘lanmaganligi sababli axborot tizimda tugallanmagan holatda bo‘lishi va yakunlamagan talabnomalarning soni ortishi hamda hisobotlarda noto‘g‘ri ma’lumotlar shakllanishi oldini olish qayd etilgan.

Farmon loyihasining qabul qilinishi aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish imkonini beradi.

Loyihada qayd etilishicha, 2023 yil 1 iyunga qadar fuqaroning identifikatsiya ID-kartasi hamda xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilish muddati tugaganligi munosabati bilan uni yangisiga almashtirish bilan bog‘liq xabarnomalar belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga yoki Yagona identifikatsiya tizimi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga bog‘langan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuborilishi ta’minlanadi.

Bunda SMS-xabarnomalar Elektron hukumatning Yagona xabardor qilish tizimi orqali yuboriladi.

O‘zA