Dunyo bozorida o‘z xaridoriga ega, talabgori ko‘p bo‘lgan quritilgan mevalardan biri mayiz hisoblanadi. Boisi, yurtimizning iqlim sharoitida yetishtirilgan mayizning sifati, foydali xususiyatlari va mazasi ko‘pchilik iste’molchilarda ijobiy taassurot qoldirgan. Bu mahsulotga talab kundan-kunga oshib bormoqda.
Bugun respublikamizning deyarli barcha viloyatlaridagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari tomonidan mayiz mahsulotlari eksport qilinmoqda.
Statistika agentligining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar oyida O‘zbekiston 30 ta xorijiy davlatlarga qiymati 6,3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 7,5 ming tonna mayiz eksport qilgan.
Shuni alohida qayd etish kerak, mayiz eksporti o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 464 tonnaga oshgan.
Jumladan, yanvar oyida O‘zbekiston tomonidan Qozog‘istonga 3,4 ming tonna, Rossiyaga 910 tonna, Xitoyga 511 tonna, BAAga 454 tonna, Turkiyaga 386 tonna, Eronga 299 tonna, Belarusga 192 tonna, Ozarbayjonga esa 121 tonna mayiz eksport qilgan.
O‘zA