Davlatimiz rahbarining “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Barno Samandarova o‘zining iqtidori va namunali faoliyati bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgani, ijtimoiy hayotda faollik ko‘rsatayotgani uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Tumanning “Xolimbeg” ovulidagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Barno Samandarova tantanali kutib olindi. Tadbirda ustozlari, oila a’zolari, maktab jamoasi, ovul fuqarolar yig‘ini mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tuman hokimi Sultonboy Yo‘ldoshev tuman tarixida birinchi marta ushbu yuksak davlat mukofoti bilan taqdirlangan Barno Samandarovani tabriklab, kelgusida Zulfiyaxonimning amudaryolik izdoshlari ko‘p bo‘lishi darkorligini ta’kidladi.

B.Samandarova maktabdagi o‘qishi davomida intizomli, ziyrak, va zukko o‘quvchi sifatida o‘zini ko‘rsatdi. Bilimlarni qunt bilan o‘rganishga harakat qiladi. Ona tili va adabiyoti, ingliz tili, rus tili, geografiya fanlariga alohida qiziqib, qo‘shimcha turk tilini o‘rganmoqda. U maktabning jamoat ishlarida faol qatnashib keladi. Yoshlar ittifoqi Amudaryo tumani “Matbuot va media” yo‘nalishi sardori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Qizlar ovozi” klubi “San’at va madaniyat” yo‘nalishi koordinatori, UNISEF tashkiloti “U-Report” loyihasi volontyori hisoblanadi. 2021 yili “Ilk parvozim”, 2021 yili “Mehr”, 2022 yilda “Faxrimsan, Amudaryom”, “Qalb so‘zi” kabi mualliflik  kitoblari nashr etilgan. Xalqaro jurnallarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va tuman gazetalarida ilmiy va ijodiy maqolalari muntazam ravishda chop etilib kelinmoqda.

MDH miqyosida  “Best Publikation” ilmiy tadqiqotlar markazi tomonidan o‘tkazilgan “Tashabbuskor islohotchi” ko‘rik tanlovida  guvohnoma, ko‘krak nishoni va belgisi, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. “Renessans” ilmiy markazi va nashriyot uyi tomonidan tashkil etilgan “Renessans davri: ilmiy tadqiqotlar yetakchisi” xalqaro ilmiy –amaliy tanlov g‘olibi sifatida  esdalik ko‘krak nishoni, sertifikat,  diplom va sovg‘alar bilan taqdirlangan.

–Barnoxon har gal she’rlar to‘la daftarlarini ko‘tarib, tahririyatga kelganida she’riy talablar, ijodkorlik mas’uliyati, so‘z yukini chin yurakdan his etish borasida jiddiy mashg‘ulotlar o‘tkazdik, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Robiya Yo‘ldosheva. – Tuman “Taraqqiyot ko‘zgusi” gazetasi tahririyati,  “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti uning haqiqiy ijod uyiga, ijodiy jamoa esa uning fidoyi o‘qituvchilariga aylandi. U nafaqat Amudaryo tumani, balki Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm  viloyati miqyosida o‘z ijodi, hatto jamoatchilik faoliyati bilan tanildi. U xalqaro UNICEF bolalar tashkilotining U-Report yo‘nalishi bo‘yicha reportyori sifatida yoshlarni turli oqimlardan himoya qilishga qaratilgan, ijtimoiy faollikka da’vat etuvchi ma’ruzalar o‘qidi. O‘zi ta’lim olayotgan 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tengdoshlariga o‘rnak, namunali lider o‘quvchiga aylandi. Vatanga munosib farzand, ijodda Zulfiyaxonimning sodiq izdoshi bo‘lishdek ezgu orzu og‘ushida yashadi va ma’naviyat bo‘stoniga bir azim daraxtdek ildiz qo‘yishga intildi.

Tadbir yakunida tuman hokimi Barnoga va uning ota-onasiga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri