O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbari Baxtiyor Saidov “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” fuqarolik jamiyati forumida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Teri Xakalani qabul qildi.
Muloqot chog‘ida 2022 yilda oliy va yuqori darajada o‘tkazilgan ikki tomonlama va mintaqalararo tadbirlar yakunlari muhokama qilindi. Mamlakatimiz bilan YeI o‘rtasidagi hamkorlikni barcha sohalarda yanada mustahkamlash istiqboli ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi yetakchisi tomonlar o‘rtasidagi munosabatning joriy holatiga to‘xtalarkan, ayniqsa, o‘tgan 2022 yil aloqalar rivojida o‘ziga xos sahifa ochib, ta’bir joiz bo‘lsa, juda sermahsul kechganini ta’kidladi.
Birgina o‘tgan yil davomida YeIning qator yuqori martabali mulozimlari – jumladan, Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti Jozep Borrel va boshqa nufuzli shaxslar yurtimizga tashrif buyurishdi, davlatimiz rahbari qabulida bo‘lishdi.
Oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” formatidagi delegatsiyalar rahbarlarining majlisida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Noyabrda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqand shahrida «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» shaklidagi o‘zaro bog‘liqlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha vazirlar konferensiyasi o‘tkazildi.
Tabiiyki, ayni chora-tadbirlar savdo, sarmoya, transport, energetika, raqamlashtirish, atrof-muhit muhofazasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa istiqbolli sohalarda o‘zaro hamkorlikda amalga oshiraladigan qo‘shma loyihalarni ilgari surishga ko‘maklashmoqda. Bundan tashqari, mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlik doirasida O‘zbekiston va YeI birgalikda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ta’lim, qonun ustuvorligi, chegaralarni boshqarish, giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha izchil, samarali sa’y-harakatlarni yo‘lga qo‘ygan.
YeI yuqori martabali mulozimi, o‘z navbatida, mazkur nufuzli tashkilot yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligi jadal sur’at bilan rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik hamda hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda imzolash uchun qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
G‘ayrat Xonnazarov,
O‘zA