Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokama qilinmoqda. Kun tartibidagi masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’ruza qilmoqda.
Ta’kidlanganidek, yangilanayotgan Konstitutsiyada aholining barcha qatlami manfaatlari inobatga olindi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining ijtimoiy yo‘naltirilganligi alohida ahamiyatga ega. “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanayotgani va davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar 3 baravarga oshayotir.
Jumladan, Konstitutsiya loyihasining qator me’yorlarida kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi ham belgilab qo‘yilmoqda. Fuqarolar tibbiy yordamning qonunda kafolatlangan hajmini bepul olishga haqli ekani qat’iy belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat zimmasiga aholi ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklanmoqda.
M.Komilova,
O‘zA