Markaziy ko‘rgazmalar zalida an’anaviy “Bahor vernisaji” ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ushbu vernisajda ayol-rassomlarning boy va yorqin ijod namunalari yaqqol namoyon bo‘ladi.

Xususan, unda respublika va xalqaro ko‘rgazmalar qatnashchilari batik va gobelen ustalari Svetlana Shixova, Irina Burmistrova, Marina Pak hamda Oksana Zalevskayalarning nafis shoyi va rangli quroqlarning mozaikasi orqali tabiat olamining go‘zalligini tarannum etuvchi san’at asarlari namoyish etildi.

Shuningdek, borliqdagi shakl fantaziyasi, tosh, yog‘och va loy fakturalari haykaltarosh Lyudviga Nesterovich va kulol Nazira Kuziyeva tomonidan taqdim etilgan. Eng e’tiborlisi, ekspozitsiyada krujeva to‘quvchi usta Ten Larisaning shaxsiy ko‘rgazmasi namoyish etilmoqda. Uning yaratgan asarlarida chiziqlarning nafisligi va o‘zgacha jozibasini ko‘rish mumkin.

Barcha ishtirokchilar, tomoshabinlarga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida o‘zlarining eng yangi va butun olam go‘zalliklarini o‘zida mujassam eta olgan sara asarlarini havola qilmoqda.

Asarlar mavzusi albatta, bahor fasliga, go‘zallik va har birimizda uyg‘onadigan ishonch, umid, muhabbat in’om etadigan abadiy yoshlik shijoatiga bag‘ishlangan.

Ko‘rgazma joriy yil 22 martga qadar davom etadi.

 

Gulnoza Boboyeva,

Oybek Pardayev(surat)O‘zA