Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari va tashkilotning O‘zbekistondagi vakili Sara Noshadi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida aholi orasida media savodxonlikni oshirish va bu bo‘yicha maxsus treninglar tashkil etish, hunarmandlik bilan shug‘ullanayotgan ayollarni qo‘llab-quvvatlagan holda ular uchun maxsus Workshoplar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan FOREIGN LANGUAGES telekanalini IT sohasiga oid kontentlar bilan boyitish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish va bu orqali chekka hududlarda istiqomat qiladigan yoshlarni ITga qiziqtirish, IT ta’lim yo‘nalishida keng qamrovli ishlarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, O‘zbekistonni xalqaro maydonda mintaqaviy IT-xab sifatida tanitish bo‘yicha fikrlar almashildi.

Uchrashuvda raqamlashtirish yo‘nalishida hamkorlikda loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi.

 

O‘zA