Forum sohaga oid muhim masalalarni hal etish maqsadida mamlakatimizdagi xorijiy diplomatik korpus vakillari, xalqaro ekspertlar, mehmonxona biznesi vakillari, turoperatorlar, marketologlar, mehmonxona xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlar, global brendlar vakillarini yagona ma’rifiy maydonga to‘pladi.
Tadbirni madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ochib berdi.
Vazir mehmonxona biznesi forumi barcha turizm sanoati ishtirokchilarini birlashtirish maqsadida mamlakatimizda xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish va takomillashtirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikning xalqaro standartlari va normalarini joriy etish maqsadida o‘tkazib kelinishini ta’kidladi. Shu sababdan mehmonxona industriyasini rivojlantirishning asosiy «lokomotivi» sifatida axborot texnologiya sohasi, ekologiya, xizmatlarni raqamlashtirish, ta’lim va kadrlar masalalarida hamkorlikni mustahkamlash mazkur forumning asosiy maqsadidir.
Forum «Mehmondo‘stlik tendensiyalari: xizmat ko‘rsatish sohasida hamkorlikdan IT yechimlarigacha. O‘zbekistondagi mehmonxonalar. Loyihalar va binolar» mavzusiga bag‘ishlangan.
O‘zbekiston Otelerlar assotsiatsiyasi tomonidan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda «Radisson», «Hilton», «Accor», «Marriott», «Wyndham» kabi dunyoga mashhur xalqaro mehmonxonalar tarmoqlarining mintaqaviy yetakchilari ham qatnashmoqda.
Tadbirda mehmonxona xizmatlarining yetakchi provayderlari bo‘lgan «HoReCa» segmenti uchun to‘liq mahsulot va xizmatlarni taqdim etuvchi Interaktiv B2B ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazma mebel, interer buyumlari, professional to‘qimachilik, kiyim-kechak, xavfsizlik tizimlarini avtomatlashtirish va boshqa sohalarni qamrab oldi.
«Hotel Business Forum – 2023» forumining ikkinchi kunidan muhim mavzularni qamrab oladigan sessiyalar, muhokamalar va II Milliy mehmondo‘stlik mukofotini topshirish marosimi o‘rin olgan.
O‘zA